Dunyoning an’anaviy xaritasidan voz kechilishi mumkin
Olam
−
13:56 2020 3 daqiqa
Kecha, 4 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi an’anaviy xaritadan (Merkator xaritasidan) voz kechish va uning o‘rniga qit’alar maydonini, eng avvalo Afrikani aniqroq aks ettiradigan xaritadan foydalanishga chaqiruvchi rezolyutsiyani yoqlab ovoz berdi. Bu haqda “The Guardian” xabar qildi.
Qayd etilishicha, rezolyutsiyani 164 ta mamlakat qo‘llab-quvvatladi, oltitasi betaraf qolgan. Faqat ASHQ qarshi ovoz bergan, uning vakili rezolyutsiyani “ortiqcha” deb atagan.
Rezolyutsiya qabul qilinishining asosiy tarafdorlaridan biri Togo bo‘lgan. Davlat vakilining ayitshicha, rezolyutsiya “nomutanosib kartografik tasvirlar, ayniqsa Merkator proyeksiyasi mahsuli bo‘lgan xaritalar uzoq muddatli ta’lim, madaniy, geosiyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarga olib kelganini hamda global ongda Afrika va dunyoning boshqa mintaqalarining ko‘rinadigan o‘lchamlari keskin kichrayishiga hissa qo‘shganini tan oladi va tasdiqlaydi”.

“The Guardian”ning qayd etishicha, BMT rezolyutsiyasi bajarilishi majburiy xususiyatga ega emas, biroq uning qabul qilinishi ta’lim dasturlariga va kundalik hayotda foydalaniladigan xaritalarga ta’sir qilishi mumkin. Jumladan, Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro Parij Merkator xaritalaridan voz kechib, “aniq maqsadlarga moslashtirilgan, real maydonlarni aniqroq aks ettiradigan va kartograflar hamda olimlarning tavsiyalariga mos keladigan kartografik proyeksiyalar” foydasiga qaror qilishini ma’lum qilgan.

Ma’lumot uchun, Merkator proyeksiyasini 1569 yilda flamand kartografi Gerard Merkator ishlab chiqqan. Dastlab u dengiz navigatsiyasi uchun mo‘ljallangan. Shu sababli sayyoraning istalgan nuqtasida burchak qiymatini saqlab qoladigan qilib ishlangan. Bunday proyeksiyalar “teng burchakli” deb ataladi va ularning umumiy tuzatib bo‘lmaydigan kamchiligi mamlakatlar va qit’alar maydonining buzib ko‘rsatilishidir. Merkator proyeksiyasida, xususan, hudud ekvatordan qanchalik uzoqda joylashgan bo‘lsa, uning maydoni yerdagi haqiqiy maydoniga nisbatan shunchalik katta ko‘rinadi. Shu sababli, masalan, klassik xaritada Grenlandiya taxminan Afrika bilan tengdek ko‘rinadi, vaholanki aslida Afrika undan 14 baravar katta.
Maydonlarni aniqroq ko‘rsatish uchun “teng maydonli” proyeksiyalar mavjud bo‘lib, ular o‘z navbatida burchaklarni buzib ko‘rsatadi. Masalan, Albers proyeksiyasi yoki Lambert proyeksiyalari. Togo hokimiyati Merkator proyeksiyasi o‘rniga “Equal Earth” proyeksiyasidan foydalanishni taklif qilmoqda – u 2018 yilda xalqaro kartograflar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, Robinson proyeksiyasiga asoslangan. Bu proyeksiya murosali yechim bo‘lib, burchaklarni ham, maydonlarni ham to‘liq aniqlikda saqlab qolmaydi.

Merkator proyeksiyasidan (to‘g‘rirog‘i, bunday proyeksiyalar oilasidan) haligacha, masalan, maktab darsliklarida va boshqa illyustrativ maqsadlarda tez-tez foydalaniladi, ammo kartograflarning real amaliyotida global proyeksiyalar deyarli ishlatilmaydi – ularning o‘rniga Yerning juda ko‘plab turli mahalliy proyeksiyalari mavjud bo‘lib (ularni odatda davlat xizmatlari ishlab chiqaradi), ular ancha aniqroq natijalarni beradi.
Live
Barchasi