Dunyoni yangi taqchillik xavfi kutmoqda – Erdo‘g‘andan jiddiy ogohlantirish
Olam
−
15 noyabr 2022
14224G‘alla, kungaboqar yog‘i va makkajo‘xori tanqisligi bilan bir qatorda jahon hamjamiyati guruch taqchilligiga duch kelishi mumkin. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 16 noryabr kuni Indoneziyaning Bali orolida bo‘lib o‘tgan G20 sammitining Oziq-ovqat va energiya xavfsizligi bo‘yicha sessiyasida aytib o‘tdi.
Turkiya Prezidenti jahon o‘g‘it bozorini barqarorlashtirishga chaqirdi. Aks holda, kelgusi yilda yanada kattaroq oziq-ovqat inqirozi dunyoga tahdid solishi mumkinligini aytdi.
“Tomonlarning Qora dengizdagi koridor bo‘ylab BMT va Turkiya vositachilik sa’y-harakatlari bilan yaratilgan konstruktiv pozitsiyasi tufayli bugungi kunga qadar 10 million tonnadan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilindi. Istanbul shartnomalari urushga qaramay kelishuv mavjudligini isbotladi. Bu mexanizm samaradorligini davom ettirish uchun to‘siqlar yaratuvchi omillarni yengillashtirish muhim ahamiyatga ega”, deydi Prezident.
Turkiya rahbari o‘tgan yili jahon iqtisodiyotining o‘sish sur’ati, qiyinchiliklarga qaramay, 6 foizni tashkil etgan bo‘lsa-da, jahon darajasida yuqori inflyatsiya kuzatilayotgani, bu talabning ortishi, yetkazib berish zanjirlarining uzilishi va xomashyo narxlarining oshishi bilan bog‘liqligini ta’kidladi.
U Rossiya-Ukraina urushining xomashyo tannarxiga ham og‘ir bo‘lgan, oziq-ovqat va energetika sohalarida muammolarga olib kelgan salbiy oqibatlariga e’tibor qaratdi.
Erdo‘g‘an oziq-ovqat xavfsizligi mavzusi Turkiya tomonidan 2015 yilda G20 raisligi davrida ko‘tarilganini eslatdi.
“O‘sha davrda Antaliyada oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha harakat rejasi kelishib olindi. O‘tganetti yil Turkiya ko‘targan masalalar muhimligini tasdiqladi”, deydi Prezident Erdo‘g‘an.
Turkiya nafaqat oziq-ovqat inqirozini yengishda, balki energiya markazi sifatida ham yaqin atrofdagi mintaqalar, jumladan, Yevropa xavfsizligiga hissa qo‘shayotganini ta’kidladi.
Siyosatchi, shuningdek, Anqaraning BMT Xavfsizlik Kengashi tuzilmasini isloh qilish, jahon va mintaqaviy muammolarni muhokama qilishda Afrika davlatlarining ko‘proq vakilligini ta’minlash haqidagi chaqiriqlarini esladi.
Erdo‘g‘an Afrika mamlakatlari bugungi qurg‘oqchilik fonida jiddiy oziq-ovqat tanqisligi tahdidiga duch kelganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan eksport qilinadigan g‘allani muhtoj rivojlanmagan mamlakatlar bozorlariga, birinchi navbatda, Afrikaga yetkazib berish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi.