Dunyoni suv bossa, o‘rdakka ne g‘am. “Arqadag‘” 63 yoshini shohona nishonladi
Olam
−
30 iyun 2020
33704Kecha, 29 iyun kuni Turkmanistonda mamlakat Prezidenti Gurbunguli Berdimuhamedvoning 63 yoshga to‘lgani nishonlandi. “Arqadag‘” payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) yoshiga to‘lishi, bu sanani turkman xalqi bilan birgalikda nishonlash an’anaga aylangani sababli Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Moskvadagi G‘alaba paradida ishtirok etish taklifini rad qilgandi.
Butun dunyoda koronavirus pandemiyasi avj olayotgan bir vaziyatda Gurbanguli Berdimuhamedovning tavallud kuni bayramona ibodat, konsert dasturlari, “Arqadag‘”ning kitoblari asosida ishlangan teatr tomoshalari va albatta, davlat rahbarining o‘z musiqalari namoyishi bilan nishonlandi. Tug‘ilgan kun munosabati bilan oq qo‘y qurbonlikka so‘yildi.
Asosiy bayram tadbiri Mari shahridagi “Gurbanguli xoji” masjidida bo‘lib o‘tdi. Berdimuhamedov davrida qurilgan ushbu masjidda bayram marosimi va xayriya dasturxoni tashkillashtirildi.
Davlat televideniyesi bayramona ibodatda ishtirok etgan hukumat amaldorlari, parlament a’zolari, diniy muassasalar vakillari va oqsoqollarni ko‘rsatdi.
Muftiyning duosida Prezidentga sog‘lik hamda unga bo‘ladigan hujumlardan xalos bo‘lish tilaklari yangradi. Ammo tadbirda Berdimuhamedovning o‘zi ishtirok etgani haqida xabar berilmagan.
Prezidentning tug‘ilgan kuni munosabati bilan tadbirlar butun respublika bo‘ylab o‘tkazildi.
Shuningdek, Mari viloyatining ma’muriy markazida parlament rahbarlari, vazirlik va turli idoralar vakillari “jamiki vatandoshlar nomidan” Prezidentga tabrik yo‘lladi.
Poytaxtdagi “Arqadag‘” bog‘ida bayram konserti tashkillashtirildi, Maxtumquli nomidagi Turkmaniston milliy musiqali-drama teatrida Berdimuhamedovning “Turkmaniston Buyuk Ipak yo‘lining yuragi” nomli kitobi asosida ishlangan “Binyat” spektakli namoyish qilindi.
Albatta, “Arqadag‘”ning tavallud kuni xorijiy davlat rahbarlarining tabriklarisiz bo‘lmadi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Berdimuhamedovni tabrikladi.
Tug‘ilgan kun oldidan mamlakatdagi barcha viloyatlarda tayyorgarlik tadbirlari o‘tkazildi. Kim qayerda turishi, nima qilishi tushuntirildi.
Eslatib o‘tamiz, Turkmaniston rasmiylari mamlakatda koronavirus infeksiyasi aniqlanmaganini takrorlab kelyapti. Yaqinda Ashxoboddagi shifoxonaning 6 xodimi koronavirusga chalingani haqida xabar tarqaldi. Ammo bu bo‘yicha rasmiy izoh berilmadi.
LiveBarchasi