Dunyodagi eng kambag‘al sobiq prezident vafot etdi
Olam
−
14 may 12555 2 daqiqa
Kecha, 13 may kuni Urugvayning sobiq prezidenti (2010-2015) Xose Muxika 89 yoshida vafot etdi. Bu haqda mamlakatning amaldagi rahbari Yamandu Orsi X’da ma’lum qildi.
“Biz hamkasbimiz Pepe Muxika vafot etganini chuqur qayg‘u bilan e’lon qilamiz. Prezident, faol, yetakchi va menejer. Sizni juda sog‘inamiz, aziz nuroniy. Bizga bergan barcha narsangiz va xalqingizga bo‘lgan chuqur mehringiz uchun rahmat”, deb yozadi u.
Muxika o‘tgan yilgi prezidentlik saylovlarida Orsini qo‘llab-quvvatlagan.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili Urugvayning sobiq rahbari qizilo‘ngach saratoniga chalinganini ma’lum qilgan. Joriy yilning yanvar oyi boshida “Busqueda” nashriga bergan intervyusida u saraton kasalligi uning jigariga ham o‘tganini bildirgan. Shundan so‘ng Muxika kasallik bilan kurashishni to‘xtatishga qaror qilgan.
“Nima uchun? Men keksa odamman va ikkita surunkali kasalligim borligi uchun. Men biokimyoviy davolash yoki jarrohlik amaliyotiga nomzod emasman, chunki tanam bunga dosh bera olmaydi”, deb tushuntirgan u o‘z qarorini.
Xose Muxika 1935 yil 20 mayda Urugvay poytaxti Montevideoda tug‘ilgan. U so‘l “Tupamaros” harakati a’zosi bo‘lgan va qariyb 14 yilini harbiy qamoqxonalarda o‘tkazgan. 2005 yildan 2008 yilgacha Urugvay chorvachilik, qishloq va baliqchilik vaziri lavozimida ishlagan. 2009 yilgi prezidentlik saylovlarida u “Keng front” so‘l partiyasidan nomzod bo‘lgan va g‘alaba qozongan. 2010 yil mart oyida u prezident lavozimini egallagan.
Prezidentlik davrida u bir qator liberal islohotlarni amalga oshirgan. 2014 yilda Muxika Urugvayda marixuanadan foydalanishni qonuniylashtiruvchi qonunni imzolagani uchun Tinchlik uchun Nobel mukofotiga nomzod bo‘lgan. U 2015 yilda prezidentlik lavozimini tark etgan va keyin Senatga (Milliy Assambleyaning yuqori palatasi) saylangan, biroq 2018 yil boshida iste’foga chiqqan.
Muxika o‘zining kamtarona turmush tarzi uchun “dunyodagi eng kambag‘al prezident” laqabini olgan. U prezidentlik davrida Montevideo yaqinidagi oilaviy fermada yashagan va deyarli butun maoshini xayriya ishlariga bergan. 2014 yilda unga 1987 yilda ishlab chiqarilgan Volkswagen Beetle ni 1 million dollarga sotishni taklif qilishgan, biroq Muxika rad javobini bergan.
Senatdan ketgach, u senatorning nafaqasini ham rad etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq amerikalik davlat va siyosat arbobi, Demokratik partiyadan AQSHning 39-prezidenti Jimmi Karter 100 yoshida vafot etgandi. Jimmi Karter Jorjiya shtatida vafot etgan. Uning o‘lim sabablari ma’lum qilinmagan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr