Dunyoda o‘ta qashshoqlikda yashayotganlar soni ma’lum bo‘ldi

Olam

−

image

Dunyoda o‘ta qashshoqlikda yashayotganlar soni 1,2 milliard nafarga yetdi. Bu haqda BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, UNDP va Oksford universitetining Qashshoqlik va inson taraqqiyoti tashabbusi tadqiqot markazi tomonidan tayyorlangan joriy yilgi hisobotga ko‘ra, o‘tgan yilga nisbatan o‘ta qashshoqlikda yashayotganlar soni 51,5 million nafarga ko‘paygan.

BMT Taraqqiyot dasturi rahbari Aleksandr De Kru qashshoqlikning ortishini dunyo uchun jiddiy ogohlantirish deb atagan. Uning bildirishicha, 1,2 milliard kishi bir vaqtning o‘zida ochlik, ta’lim olish imkoniyatining cheklangani, toza suv va elektr energiyasi yetishmasligi kabi muammolarga duch kelmoqda. Hisobotga ko‘ra, o‘ta qashshoqlikda yashayotganlarning yarmidan ko‘pini bolalar tashkil etadi.

Shu bilan birga, BMT Taraqqiyot dasturi qayd etilgan o‘sishning muhim sabablaridan biri aholi sonining ko‘payishi ekanini bildirgan. Hisobot qamrab olgan 108 ta rivojlanayotgan davlatdan faqat 13 tasi bo‘yicha yangi ma’lumotlar mavjud bo‘lgan.

Hisobotda ijobiy natijalar ham qayd etilgan. So‘nggi 15 yil ichida 33 ta davlatda indeks mezonlari bo‘yicha qashshoqlikda yashayotgan aholi ulushi ikki baravar kamaygan. Ular orasida Xitoy va Vetnam kabi Osiyo davlatlari ham bor. Biroq qashshoqlikda yashayotganlarning asosiy qismi hamon Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika davlatlari hamda Janubiy Osiyoda istiqomat qiladi.

Shuningdek, Misr, Nepal va Tojikistonda ko‘p o‘lchovli qashshoqlik darajasi ham, undan aziyat chekayotganlar soni ham sezilarli kamaygan. Angola va Zambiyada esa qashshoqlik darajasi pasaygan bo‘lsa-da, aholi sonining tez o‘sishi sababli qashshoqlikda yashayotganlar soni ortgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq jahon iqtisodiyoti texnologiyalar, investitsiyalar va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyati davlatlarning siyosiy ta’siriga tobora ko‘proq bog‘liq bo‘lib qoladigan davrga qadam qo‘yayotgani haqida xabar berilgan edi. Xususan, yirik davlatlar o‘z mavqeini mustahkamlash uchun savdo va moliyaviy instrumentlardan foydalanmoqda, kichik va rivojlanayotgan mamlakatlar esa arzon xomashyo yetkazib beruvchi hamda qimmatbaho texnologiyalar xaridori bo‘lib qolish xavfi ostida turibdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing