Dunyoda pandemiyaning uchinchi to‘lqini boshlanyapti — JSST 

Olam

image

Dunyoda koronavirus pandemiyasining uchinchi to‘lqini boshlanmoqda. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Adhanom Gebreyesus ma’lum qildi.  

Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyoda COVID-19 bilan kasallanishning so‘nggi o‘sishidan so‘ng, Yevropa va Shimoliy Amerikaning o‘z fuqarolarini emlash bo‘yicha harakatlari natija bera boshladi hamda kasallik va o‘lim holatlari pasaya boshladi. 

“Afsuski, hozirgi kunda ushbu tendensiyalar o‘zgardi va biz pandemiyaning uchinchi bosqichi boshidamiz”, degan u. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab ushbu kasallik soni ketma-ket to‘rtinchi haftada o‘sib bormoqda va koronavirus infeksiyasidan o‘lganlar soni ham ortmoqda. 

Gebreyesus koronavirusning delta shtammi (hindcha variant) tarqalishini o‘sishning asosiy harakatlantiruvchisi deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat odamlarning harakatchanligi oshishi, shuningdek, davlatlar tomonidan sog‘liqni saqlash va aholini muhofaza qilish sohasidagi chora-tadbirlarning izchil ishlamasligi bilan yanada og‘irlashadi. 

“Delta varianti hozirda 111 dan ortiq mamlakatda mavjud va biz uni tez orada butun dunyo bo‘ylab dominant COVID-19 shtammiga aylanadi deb o‘ylaymiz”, degan Gebreyesus. 

Shuningdek, u vaksinalarning mamlakatlar o‘rtasida notekis taqsimlanishiga e’tibor qaratgan va uni “hayratlanarli muvozanat” deb atagan. Unga ko‘ra, shu sababli, dunyoning turli burchaklarida pandemiya ikki yo‘l bo‘ylab rivojlanib bormoqda: vaksinalarga ega bo‘lgan mamlakatlar cheklovlarni bekor qilmoqda, ammo vaksina olish qiyin bo‘lgan mamlakatlarda aholining aksariyati infeksiyaga qarshi himoyasiz bo‘lib qolmoqda. 

“Men sentyabrgacha har bir mamlakat aholisining kamida 10 foizini, shu yil oxirigacha kamida 40 foizini va kelasi yilning o‘rtalariga qadar kamida 70 foizini ommaviy emlashga chaqirdim”, degan JSST rahbari. 

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, hozirga qadar dunyoda koronavirus infeksiyasining 187,5 million holati aniqlangan, 4 million kishi vafot etgan. 

Avvalroq, koronavirus pandemiyasi butun dunyo bo‘ylab bolalarni muntazam ravishda emlash ishlarini barbod qilayotgani haqida xabar bergandik. 


Maqola muallifi

Teglar

pandemiya uchinchi to'lqin

Baholaganlar

121

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing