Dunyoda oziq-ovqat narxlari kamida 32 yillik rekordni yangiladi
Olam
−
08 aprel 2022
5763Joriy yilning mart oyida dunyoda oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari kamida 1990 yildan beri rekord darajaga yetdi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) press-relizida aytilgan.
“2022 yil mart oyida FAO Oziq-ovqat narxlari indeksi o‘rtacha 159,3 punktni tashkil etdi, bu fevral oyidagi ko‘rsatkichdan 17,9 punktga yoki 12,6 foizga ko‘pdir va bu misli ko‘rilmagan o‘sish natijasida FAO Oziq-ovqat narxlari indeksi uni yuritish boshlangan 1990 yildan beri eng yuqori darajaga yetdi”, deyiladi xabarda.
Tashkilotda qayd etilishicha, bu o‘sish o‘simlik moylari, don mahsulotlari va go‘sht narxlarining rekord darajada oshishi, shuningdek, shakar va sut mahsulotlari narxining sezilarli darajada ko‘tarilishi bilan bog‘liq.
O‘simlik moyi narxlari indeksi fevral oyiga nisbatan 23,2 foizga yoki 46,9 punktga oshib, 248,6 punktni tashkil qilgan. Sut mahsulotlari ham qimmatlashgan, narxlar indeksi mart oyida 2,6 foizga yoki 3,7 punktga (145,2 punktgacha) oshgan. Indeks yettinchi oy ketma-ket ko‘tarilgan. Eng ko‘p quruq sut va sariyog‘ narxi oshgan.
Don bahosi indeksi mart oyida 24,9 punktga yoki 17,1 foizga (170,1 punktgacha) o‘sgan. Eng ko‘p bug‘doy (19,7 foiz) va yem-xashak donlari (20,4 foiz) oshgan.
Go‘sht narxi rekord darajadagi 120 punktgacha ko‘tarilgan. Shakar narxlari indeksi mart oyida 117,9 punktni tashkil etgan (o‘sish 7,4 punkt yoki 6,7 foiz).
Narxlarning oshishi, birinchi navbatda, mojaro tufayli Ukrainadan va nisbatan kamroq Rossiyadan eksport qilishdagi uzilishlar bilan bog‘liq.
LiveBarchasi