Dunyoda narkomanlar soni ortib bormoqda – BMT
Bu qiziq
−
13:40 1099 2 daqiqa
Dunyoda giyohvandlik vositalarini iste’mol qiluvchilar soni o‘sib bormoqda. Bu haqda BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNP) yangi hisobotida so‘z yuritiladi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda 331 million kishi giyohvand moddalar iste’mol qilgan, bu 15 yoshdan 64 yoshgacha bo‘lgan dunyo aholisining 6,2 foizini tashkil etadi. Taqqoslash uchun: 2014 yilda bu ko‘rsatkich 5,2 foiz bo‘lgan.
Kannabis eng keng tarqalgan giyohvandlik moddasi bo‘lib qolmoqda: 2024 yilda uni iste’mol qiluvchilar soni 256 million kishini tashkil etgan. Undan keyingi o‘rinlarni opioidlar (63 million), amfetaminlar (32 million), kokain (25 million) va ekstazi (21 million) egallagan.
Boshqarma bozorda giyohvand moddalarning yangi turlari paydo bo‘lishi misli ko‘rilmagan darajada shiddatli tus olganini va eng tashvishlisi ularning ba’zilari ilgarigidan ham kuchliroq ta’sirga ega hamda xavfliroq bo‘lib qolganini qayd etmoqda.
Bu ayanchli oqibatlarga, jumladan, millionlab odamlarning bevaqt vafot etishiga va hayot yillarining behuda boy berilishiga olib kelmoqda. Giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi va iste’moli iqtisodiy jarayonlarni izdan chiqaradi, vaziyatni beqarorlashtiradi va zo‘ravonlikning avj olishiga zamin yaratadi.
Ma’ruzaga ko‘ra, taqiqlangan moddalarni ishlab chiqaruvchilar qonuniy tartibga solish tizimlarini aylanib o‘tish va huquq-tartibot idoralarini aldash maqsadida borgan sari yangi sintetik giyohvandlik vositalarini o‘ylab topmoqda. 2024 yilda 2000 yilgacha bo‘lgan davrga nisbatan besh baravar ko‘p turdagi giyohvandlik moddalari musodara qilingan. Masalan, qora bozorda aylanayotgan yangi psixoaktiv moddalar soni 2024 yilda 755 taga yetgan, ulardan 118 tasi birinchi marta ro‘yxatga olingan.
“Fentanil, nitazen va orfin kabi yangi sintetik opioidlarning tobora ommalashib borayotgani narkodilerlar geroinga muqobil variant qidirayotganidan dalolat beradi. O‘simlik asosidagi opiatlardan voz kechib, sintetik moddalarga o‘tilishi dunyo opioid bozorida doimiy o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin, bu esa ushbu moddalarni iste’mol qilish xarakterini va undan kelib chiqadigan zararlar ko‘lamini o‘zgartiradi”, deydi mutaxassislar.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, giyohvandlikka chalingan shaxslar ham jinoyat qurboniga aylanishi, ham o‘zlari jinoyat sodir etishi mumkin. Biroq bunga giyohvand moddalarni iste’mol qilish sharoiti va insonlarning shaxsiy hayoti (jumladan, kambag‘allik, uysizlik, ruhiy salomatlikdagi muammolar), shuningdek, jamiyatdagi vaziyat, masalan, giyohvandlikni davolash imkoniyatlari va ijtimoiy xizmatlarning mavjud emasligi kabi omillar ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu omillar vaziyatga aralashish va profilaktika choralarini ko‘rishda boshlang‘ich nuqta sifatida qaralishi kerak.
Ma’lumot uchun, har yili 26 iyun – Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash va uning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish kuni sifatida nishonlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Avstraliya Federal politsiyasi (AFP) Sidney g‘arbidagi Londerderri hududidan 2,7 tonna kokain musodara qilgandi. Bu mamlakat tarixida aniqlangan eng yirik kokain partiyasi hisoblanadi.
Live
Barchasi