Zamonaviylik milliy qadriyat va an’analarimizga mos bo‘lishi kerak – Alisher Qodirov
Jamiyat
−
28 avgust
348427 oktyabr kuni navbatdagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘lib o‘tadi. Bu galgi saylovlar yangi qoidalar asosida o‘tkazilishi belgilangan. Unda ishtirok etuvchi partiyalar saylov kampaniyasi doirasida o‘z dasturlaridagi g‘oyalar bilan o‘rtoqlashmoqda.
Kuni kecha “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov ham saylov jarayonlari, bu galgi saylovlardan kutilayotgan natijalar va boshqa masalalarda fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Jumladan, Alisher Qodirov “Milliy tiklanish” partiyasi o‘z saylovoldi dasturida qadriyatlar va an’analarni himoya qilishga alohida urg‘u qaratayotganligini bildirdi.
“Ko‘rib turganingizdek, dunyo o‘zgaryapti, ma’naviy-axloqiy tanazzul borgan sari kuchaymoqda. Shu ma’noda, butun dunyoda kechayotgan globallashuv jarayonida barcha mamlakatlar davlatchilik an’analarini o‘zlarining qadriyatlariga tayangan holda davom ettirishga harakat qilmoqda. Ayni shu jihatdan, konservativ partiya sifatida biz ham o‘zimizning g‘oya va maqsadlarimizni shu yo‘nalishda rivojlantiryapmiz. Har bir xalqning, elning o‘ziga xos qadriyati – tili, dini, adabiyoti, madaniyati, san’ati, an’anayu urf-odatlari bor. Shu nuqtai nazardan, tarixiy-madaniy merosimizni asrash, an’analarimizni saqlash va rivojlantirish bilan birga iqtisodiy sohani ravnaq toptirishga ham aynan milliy qadriyatlar orqali kurashsak maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bundan faqat yutamiz”, deya ta’kidlaydi Qodirov.
Shuningdek, partiya lideri mamlakatni rivojlantirishda yangiliklarga ochiq ekanligini ham bildirdi. Bu bilan ular an’anaviy qarashlardan voz kechishga tayyor deyish mumkinmi? Bu masalada Qodirov o‘z pozitsiyasini quyidagicha ifodaladi:
“O‘z o‘rnida zamon bilan hamnafas rivojlanishga, zamonaviylikka ham tayyormiz. Faqat bu milliy qadriyat va an’analarimiz va partiyamizning boshqa fundamental g‘oyalariga ham mos bo‘lishi kerak”, deydi u.
Qodirovning fikridan anglash mumkinki, “Milliy tiklanish” partiyasi bu galgi saylovlarda ham milliy o‘zlikni anglash va himoya qilish, o‘zbek xalqining ko‘p ming yillik an’analariga asoslangan takliflarni faol ilgari suradi.
LiveBarchasi
AQSH dollarining rasmiy kursi pasaydi.
27 dekabr