Dunyoda qariyb 733 mln kishi ochlikdan qiynalmoqda – BMT

Olam

−

image

Bugungi kunda butun dunyoda qariyb 733 million kishi ochlikdan aziyat chekmoqda. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, har kuni bir milliarddan ortiq porsiya yaroqli oziq-ovqat tashlab yuborilmoqda. Bu miqdordagi ovqat esa ochlikdan aziyat chekayotgan barcha odamlarni kuniga kamida bir marta to‘yintirishga yetadi.

Aniqlanishicha, dunyo bo‘yicha ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqatning 13,2 foizi hosil yig‘im-terimidan chakana savdoga yetib borguncha yo‘qoladi, yana 19 foizi yoki 1,05 milliard tonnasi esa uy xo‘jaliklari, umumiy ovqatlanish muassasalari va chakana savdo tizimlarida isrof bo‘ladi. Oziq-ovqatning yo‘qotilishi va tashlab yuborilishi narxlarning oshishiga olib kelmoqda. Bundan tashqari, chiqindiga aylangan mahsulotlar poligonlarda issiqxona gazlarini chiqarib, iqlim o‘zgarishini tezlashtirmoqda.

“Oziq-ovqat isrofi va yo‘qotilishini kamaytirish orqali uch tomonlama foyda olish mumkin: oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanishni yaxshilash, ishlab chiqaruvchilar, korxonalar va iste’molchilar uchun iqtisodiy foydani ta’minlash, shuningdek, atrof-muhit va iqlimga ta’sirni kamaytirish, bioxilma-xillikni saqlash va ifloslanishni qisqartirish”, deyiladi xabarda.

Har bir kishi buning uchun quyidagilarni qilishi mumkin:

  • xaridlarni oldindan rejalashtirib, faqat zarur narsalarni olish;
  • mahsulotlarni to‘g‘ri saqlash, ularning yaroqlilik muddatini uzaytirish;
  • “yaroqlilik muddati” va “eng yaxshisi shu muddatgacha” belgilariga e’tibor qaratish;
  • ovqatni me’yorida tayyorlash, ortiqchasini saqlab qo‘yish (masalan, muzlatib qo‘yish);
  • ortiqcha oziq-ovqatni muhtojlarga ehson qilish;
  • oziq-ovqat chiqindilarini kompost qilish.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda sifati va xavfsizligi kafolatlanmagan, yaroqlilik muddati o‘tgan, organoleptik ko‘rsatkichlari me’yor talablariga javob bermaydigan 130 574,87 kilogramm oziq-ovqat mahsulotlari va uy sharoitida tayyorlangan taomlar savdosi taqiqlanib, o‘rnatilgan tartibda brakovka qilingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing