Bozorlardagi 130 tonnadan ortiq oziq-ovqat savdodan olib tashlandi
Jamiyat
−
29 Sentabr 2025 12525 2 daqiqa
Sifati va xavfsizligi kafolatlanmagan, yaroqlilik muddati o‘tgan, organoleptik ko‘rsatkichlari me’yor talablariga javob bermaydigan 130 574,87 kilogramm oziq-ovqat mahsulotlari va uy sharoitida tayyorlangan taomlar savdosi taqiqlanib, o‘rnatilgan tartibda brakovka qilindi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mita tomonidan dehqon bozorlarida sanitariya holatini talab darajasiga keltirish, ovqatdan zaharlanishni oldini olish va sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni hamda aholini xavfsizligi kafolatlangan oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida quyidagi tadbirlar amalga oshirilgan:
- respublikadagi 300 ta dehqon bozorlarida Ichki ishlar bo‘limlari, davlat soliq inspeksiyasi, veterinariya xizmati va bozor ma’muriyati bilan hamkorlikda doimiy nazorat o‘rnatilishi yo‘lga qo‘yilgan;
- hamkorlikda tashkil etilgan o‘rganishlar davomida sifati va xavfsizligi kafolatlanmagan, yaroqlilik muddati o‘tgan, organoleptik ko‘rsatkichlari me’yor talablariga javob bermaydigan 130 574,87 kg oziq-ovqat mahsulotlari va uy sharoitida tayyorlangan taomlar savdosi taqiqlanib, o‘rnatilgan tartibda brakovka qilingan;
- go‘sht, sut, qandolat, salat va non maxsulotlarini savdo rastalaridan tashqarida, aravachalarda, maxsus kiyimlarsiz, tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan, sanitariya qoidalariga zid ravishda sotayotgan 514 fuqaroga ma’muriy bayonnoma tuzilib, o‘rnatilgan tartibda jarimaga tortilgan.
Bildirilishicha, dehqon bozorlarida quyidagi muammolar mavjud:
- 111 ta dehqon bozorida go‘sht sotish uchun, 158 ta dehqon bozorlarida sut va sut mahsulotlarini sotish uchun maxsus jihozlangan pavilonlar tashkil etilmagan;
- 27 ta dehqon bozorida veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyalari tashkil etilmagan;
- 8 ta dehqon bozorlarida jamoat hojatxonalari, 17 ta dehqon bozorida chiqindilarni vaqtincha yig‘ish uchun maxsus chiqindixonalar tashkil etilmagan;
- 80 ta dehqon bozorida suv ta’minoti kiritilmagan, 142 ta dehqon bozorida oqova suvlarni yig‘ish va zararsizlantirish ishlari tashkil etilmagan;
- 77 ta dehqon bozorlarida dezinfeksiya, dezartizatsiya va dezinseksiya tadbirlarini o‘tkazish uchun vakolatli tashkilotlar bilan shartnomalar tuzilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalar ommaviy zaharlangani haqida xabar berilgan edi. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga shu kuni olib borilgan 3,2 foizli kefir mahsuloti Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov 28 sentyabr kuni jami 182 nafar shifoxonalarda davolanishda davom etayotganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi