Dunyoda elektromobillar soni rekord darajaga yetdi
Texnologiya
−
21:10 991 1 daqiqa
Germaniyaning Quyosh energiyasi va vodorod tadqiqotlari markazi (ZSW) o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, 2025 yil oxiriga kelib dunyoda to‘liq elektrli, gibrid hamda yurish masofasi uzaytirilgan avtomobillar soni 74 millionga yetgan. Bu 2024 yildagi ko‘rsatkichdan 19 millionga ko‘p. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Qayd etilishicha, elektrokarlarning yarmidan ko‘pi bitta mamlakat – Xitoyda foydalanilmoqda (44 million avtomobil). Shuningdek, reytingning top-5 taligidan quyidagi davlatlar joy oldi:
- AQSH (7 million);
- Germaniya (3,2 million);
- Buyuk Britaniya (2,8 million);
- Fransiya (2,5 million).
ZSW tomonidan alohida ajratilgan Yevropaning 14 ta yirik davlati birgalikda AQSHdan ancha oldinda bormoqda: ularning hissasiga 16 milliondan ortiq elektromobil to‘g‘ri keladi.
“So‘nggi haftalardagi yonilg‘i narxlari dinamikasi shuni ko‘rsatmoqdaki, elektromobillar ulushi yuqori bo‘lgan mamlakatlar barqarorroqdir. Elektromobil egalari qazib olinadigan yoqilg‘iga qaram emaslar va narxlarning keskin tebranishlaridan yaxshiroq himoyalanganlar”, deydi ZSW vakili Andreas Pyuttner.
Elektromobil ishlab chiqaruvchilar orasida Xitoyning BYD kompaniyasi yetakchilik qilmoqda, ikkinchi o‘rinda AQSHning Tesla, uchinchi o‘rinda esa Germaniyaning Volkswagen konserni bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyning XPeng elektromobil ishlab chiqaruvchisi vertikal uchish va qo‘nish imkoniyatiga ega uchuvchi avtomobillarni ommaviy ishlab chiqarishni sinov tariqasida yo‘lga qo‘ygani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi