Dunyo musulmonlari Ramazon hayitini qanday nishonlaydi?
Bu qiziq
−
29 mart
4854Islomning muqaddas oyi Ramazon nihoyasiga yetar ekan, dunyo musulmonlari hayitni jamoat bilan ibodat va ziyofatlar orqali nishonlashga tayyorgarlik ko‘rmoqda. 2025 yil 30 mart kuni O‘zbekistonda ham Ramazon hayiti bayrami sifatida nishonlanishi ma’lum qilindi. Mamlakatda bu bayram qarindoshlar diydori va jamoat namozlari bilan o‘tadi. Xo‘sh, dunyo bo‘ylab musulmonlar Ramazon hayitini qanday nishonlaydi? Maqolada turli mamlakat va madaniyatlarda ushbu hayit bayramining qanday nishonlanishi bilan tanishamiz.
Birlashgan Arab Amirliklari
BAA uchun Ramazon hayiti yilning eng muhim bayramlaridan biridir. Ro‘za ayyomi tugashiga yaqin bayramga tayyorgarlik boshlanib ketadi: odamlar uylarini bezatib, yangi kiyimlar sotib oladi va an’anaviy shirinliklar tayyorlaydi. Bayram tongida odamlar jamoaviy namozga yig‘iladi. Namozdan so‘ng esa o‘zaro sovg‘alar ulashiladi, oilaviy taomlar tayyorlanadi va jamoaviy ziyofatlar, jumladan, mushakbozlik, madaniy kecha va karnavallar tashkil etiladi.
Ramazon hayiti oilalar, do‘stlar va butun jamiyatni birlashtiruvchi an’anaviy va zamonaviy bayramdir. BAAda hayitning ajralmas qismi bu xayriya ishlaridir. Odamlar Ramazon oyi va hayitida muhtojlarga yordam berishga chaqiriladi. Hukumat va turli xayriya tashkilotlari oziq-ovqat, kiyim-kechak va pul tarqatib, barchaning bayram shodiyonasidan bahramand bo‘lishini ta’minlaydi.
Saudiya Arabistoni
Saudiya Arabistonida Ramazon hayiti yangi oy ko‘rinishi bilan boshlanadi. Odamlar masjid yoki katta ochiq maydonlarda hayit namozini ado etib, bir-birlarini “Ramazon muborak” deya tabriklaydi. Bu kun oilaviy ziyofat va do‘stlar davrasida o‘tadi. Qarindoshlar bir-biridan xabar oladi va birgalikda bayramona taomlar tayyorlaydi. Saudiyaliklar an’anaviy bayram tadbirlarida lochin ovi, tuya poygasi va milliy raqs kechalari hamda boshqa ko‘ngilochar tadbirlar uyushtiradi.
Turkiya
Turkiyada Ramazon hayiti “Shakar bayrami” deb ham ataladi, ya’ni “Shirinlik bayrami”. Bu nom bayramning ajralmas qismi bo‘lgan shirinliklardan kelib chiqqan. Turklar hayitni yangi kiyimlar kiyish bilan boshlaydi. So‘ngra yoshlar qariyalarni ziyorat qilib, ulardan duo oladi. Bolalarga esa shirinlik va pul hadya qilinadi. Ramazon hayitida an’anaviy taomlar, jumladan, pahlava va holva tayyorlanib, mehmonlarga tortiq qilinadi.
Yangi Zelandiya
Yangi Zelandiyada Ramazon hayiti tonggi masjid va ochiq maydonlarda o‘qilayotgan jamoat namozi bilan boshlanadi. So‘ngra jamoaviy bayram va ziyofatlar bo‘lib o‘tadi, unda oila a’zolari sovg‘alar almashib, an’anaviy taomlardan bahramand bo‘ladi. So‘nggi yillarda Ramazon hayitini Oklend, Vellington va Kraystcherch kabi yirik shaharlarda keng jamoatchilik ishtirokida nishonlash ommalashib bormoqda. Bunday tadbirlarda madaniy chiqishlar, taom rastalari va bolalar uchun o‘yin-kulgi tashkil etiladi. Ramazon hayiti Yangi Zelandiya an’analari bilan mamlakatning ko‘p madaniyatli jamiyatini uyg‘unlashtirib, milliy xilma-xillik va bag‘rikenglikni namoyon etadi.
Indoneziya
Indoneziyada bayram takbir – namozga chorlov bilan boshlanadi va katta maydonlarda jamoat namozi o‘qiladi. Namozdan keyin odamlar qarindosh va do‘stlarini ziyorat qilib, bir-biridan kechirim so‘raydi. Indoneziyada “mudik” deb nomlanuvchi odat mavjud bo‘lib, bu — bayramni o‘z ona shahri yoki qishlog‘ida nishonlash uchun uyga qaytish degan ma’noni anglatadi. Mudik shu qadar muhim an’anaki, hatto hukumat odamlar uchun bepul transport xizmatlarini kafolatlaydi.
Pokiston
Pokistonda bu bayram yangi oy ko‘rinishi bilan boshlanadi. Hayit kuni odamlar yangi kiyimlar kiyib, masjid yoki ochiq maydonlarda jamoat namozini o‘qiydi. Shundan keyin qarindosh va do‘stlar uyma-uy yurib, mehmon bo‘ladi va sovg‘alar almashadi. Pokistonliklar bayram kuni “biryani”, “khir” va “shir khurma” kabi an’anaviy taomlarni tayyorlaydi.
Islandiya
Islandiyada musulmonlar ozchilikni tashkil etsa-da, ularning soni yildan yilga o‘sib bormoqda, deyish mumkin. Ramazon bayrami Reykyavik shahridagi bir nechta masjidlardan birida o‘tkazilib, unda turli taomlar tortiladigan “xalqaro dasturxon” tashkil qilinadi. Yoz kunlari juda uzun bo‘lgani uchun musulmonlar ba’zan 22 soatgacha ro‘za tutishiga to‘g‘ri keladigan Islandiyada hayit kunida eng chiroyli kiyimlar kiyiladi va sovg‘alar almashiladi.
Misr
Misrda bu bayram oilaviy ziyofat va do‘stlar davrasida o‘tadi. Misrliklar hayit kuni guruch, go‘sht va non aralashmasidan tayyorlanadigan “fatta” hamda pishloq va shakar siropidan tayyorlanadigan shirinlik “kunafa” kabi an’anaviy taomlarni tayyorlaydi. Shuningdek, bayram oldidan bolalar uchun yangi kiyim va shirinliklar sotib olish ham qadimiy odatga aylangan.
AQSH
AQSHda turli madaniy qatlamlarga mansub musulmonlar Ramazon hayitini nishonlaydi. Masjid yoki ochiq joylarda jamoat namozi o‘qiladi va oila davrasida bayram qilinadi. Shuningdek, amerikalik musulmonlar jamoaviy xayriya tadbirlarida ishtirok etib, muhtojlarga yordam beradi. AQSHdagi Ramazon hayiti turli madaniyatlarning uyg‘unlashgan holda nishonlanishi bilan ajralib turadi. Bu kun milliy kiyim, musiqiy chiqish va an’anaviy taomlar bilan o‘tadi.
Ramazon hayitining asosiy marosim va an’analari bir xil bo‘lsa-da, turli mamlakat va madaniyatlarda o‘ziga xos urf-odatlar asosida nishonlanadi. Kimdir an’anaviy taomlar tayyorlab, boshqalardan kechirim so‘rasa, kimdir yangi kiyim sotib olib, qarindoshlarini yo‘qlaydi. Umuman olganda esa Ramazon hamma uchun quvonch va saxovatni anglatadi.
LiveBarchasi