Dunyo bo‘ylab Ramazon hayiti shukuhi (fotoreportaj)
Olam
−
30 mart
6175Bugun, 30 mart kuni dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Ramazon hayiti nishonlanmoqda. Bayram tongida odamlar jamoaviy namozga yig‘ildi.
Saudiya Arabistonining Makka shahri markazida joylashgan Al-Haram masjidida hayit namozi o‘qildi. 4 milliondan ortiq musulmon Ramazon oyi tugashini nishonlash uchun Islom dinining asosiy ziyoratgohi bo‘lmish Ka’ba atrofida to‘plandi.
Masjid imom-xatibi Abdulrahmon as-Sudays imomlik qilib, bayram xutbasida mo‘minlarni ushbu muhim voqea bilan tabrikladi.
Caudiya Arabistoni Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi Raisi Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud ham shu yerda Ramazon hayiti namozini o‘qidi. U bilan bir safda Saudiyaga birinchi rasmiy tashrif bilan borgan Livan Bosh vaziri Navaf Salom ham bor edi.
Madinadagi An-Nabaviy masjidida o‘qilgan hayit nomoziga shayx doktor Abdulloh al-Buayjon imomlik qilib, Ramazon hayiti munosabati bilan o‘z tabriklarini yo‘lladi. Iymon, shodlik, xavfsizlik va osoyishtalik muhitida Madinadagi olomon namozxonlar, jumladan Madina hokimi shahzoda Salmon bin Sulton ibn Abdulaziz shu yerda hayit namozini o‘qishdi.
Ikki Muqaddas masjid qo‘riqchisi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud esa Jiddadagi As-Salom saroyida Ramazon hayiti namozini o‘qidi. Ikki Muqaddas masjid qo‘riqchisiga bir qancha shahzoda va oliy mansabdor shaxslar qo‘shilib, hayit ayyomi bilan o‘z tabriklarini yetkazishdi.
120 000 musulmon cheklovlarga qaramay Al-Aqso masjidida hayit namozini o‘qidi. Quddus Islomiy vaqflar boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, minglab ziyoratchilar muqaddas kunda Islomning uchinchi muqaddas joyida namoz o‘qish uchun to‘siqlarni yengib o‘tishdi.
Eski shaharning butun perimetri bo‘ylab nazorat punktlari o‘rnatildi va Isroil xavfsizlik kuchlari Al-Aqsoga yaqinlashishda hujjatlarni sinchkovlik bilan tekshirish va shaxsiy tintuvlar o‘tkazdi. Biroq barcha qiyinchiliklarga qaramay, o‘n minglab dindorlar asosiy Islom bayramlaridan birini nishonlash uchun Al-Aqso masjidida to‘planishga muvaffaq bo‘lishdi.
Turkiyada ham bugun Ramazon hayiti nishonlanmoqda. Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an erta tongdan Istanbuldagi Buyuk Chamlija masjidiga bordi. U masjidga kirib kelgan fuqarolarni kutib oldi va ular bilan suhbatlashdi.
Erdo‘g‘an Turkiya Din ishlari boshqarmasi boshlig‘i Ali Erbosh imomlik qilgan namozda fuqarolar bilan bir safda turdi. Namozdan so‘ng Prezident Erboshning xutbasini tingladi. Shundan so‘ng jamoatga xitob qilgan Erdo‘g‘an, Erboshning o‘zi o‘qigan xutba va namozda zarur bo‘lgan hamma narsani aytganini aytib, o‘qilgan oyatlar mo‘minlar o‘rtasidagi birlik va hamjihatlikka vasil bo‘lishiga, Alloh taolo ularni bu birlik va hamjihatlikdan ayirmasligiga umid bildirdi. Erdo‘g‘an shahidlarga rahmat, faxriylarga tezroq shifo tilab, barchani Hayit bayrami bilan tabrikladi.
Bugun Ozarbayjonda ham Ramazon oyi yakunlanishi munosabati bilan bayram namozi o‘qildi. Yuz minglab mo‘minlar masjidlarga yig‘ilib, namoz o‘qib, bir-birlarini bayram bilan tabrikladi.
Bugun, 30 mart kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Bishkekning Imom Saraxsiy nomidagi markaziy jome masjidida o‘qilgan Ramazon hayiti namozida ishtirok etdi. Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Prezident masjid ahli bilan bayram namozini o‘qigan.
Shundan so‘ng Japarov Qirg‘iziston xalqini Ramazon hayiti bayrami bilan tabrikladi.
“Qirg‘iz xalqi azaldan mehmondo‘stligi, mehr-oqibati, adolati va hamjihatligi bilan mashhur. Bu qadrli fazilatlar bugun ham saqlanib qolgan. Mamlakatimizda turli millat vakillari tinch-totuv, ahil-inoq, ahil qo‘shnichilikda yashab kelmoqda. Xalqimiz o‘zaro hurmat va qardoshlik munosabatlarining yorqin namunasi ekanligidan doimo faxrlanamiz”, dedi Prezident.
Ramazon oyida xalq hamjihatligini mustahkamlagan ko‘plab ezgu ishlarga barcha guvohi bo‘lganini ta’kidladi.
“Ular bizga baraka bo‘lsin, muruvvat va ezgulik an’analari bundan buyon ham davom etsin”, dedi davlatimiz rahbari.
U har bir qirg‘izistonlik ma’naviy poklik, iymon-e’tiqod, sabr-toqat, mehr-oqibat va umidvor bo‘lishini, oilalarda tinchlik hukm surishi, yurt barqarorlik va farovonlik muhitida taraqqiy etishini tiladi.
Shavvol oyining ko‘rinmaganligi sababli ayrim mamlakatlarda Ramazon hayiti ertaga, 31 mart kuni nishonlashadi. Bular:
- Malayziya
- Misr
- Iordaniya
- Iroq
- Eron
- Pokiston
- Bruney
- Indoneziya
- Bangladesh
- Avstraliya
- Ummon
- Hindiston
- Suriya.
LiveBarchasi
Trenddagilar


