Shavkat Mirziyoyev Navro‘z bayramida qatnashdi
Jamiyat
−
21 mart 2724 4 daqiqa
Bugun, 21 mart kuni “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, butun xalqimizni qutladi. Bu haqda Prezident mutbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari o‘z tabrigida bu yilgi Navro‘z ayyomi muborak Ramazon hayiti bilan bir pallada nishonlanayotganini alohida ta’kidlab, tabiat uyg‘onishi va ruhiy poklanish ramzi bo‘lgan ushbu qutlug‘ kunlar barcha uchun ezgulik, birdamlik va xayr-baraka bayrami ekanini qayd etgan. Shuningdek, dunyoning olis va yaqin mamlakatlarida mehnat qilayotgan, tahsil olayotgan o‘zbekistonliklarga samimiy salom va tilaklar yo‘llangan.

Prezident millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir o‘zbekistonlikni rozi qilish, xalq farovonligini ta’minlash yo‘lidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ta’kidlagan. Bu yil bayram “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” degan g‘oya asosida o‘tayotgani ham ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi ekani qayd etilgan.

Marosimda barcha hududlarga, qishloq va ovullar, mahallalarga yangi O‘zbekiston nafasini olib kirish bo‘yicha katta harakat boshlangani ta’kidlangan. Yangi ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish borasida ulkan qadamlar qo‘yilayotgani, mamlakatda zamonaviy korxonalar, kommunikatsiya tarmoqlari, shinam uy-joylar, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va sport ob’ektlari barpo etilayotgani qayd etilgan. Kelgusida bunday bunyodkorlik ishlari ko‘lami yanada kengayishi ta’kidlangan.


Davlat rahbari ushbu fayzli tongda mirishkor dehqon va fermerlarga yuksak hurmat va ehtirom bildirgan. Ularning xalq dasturxonini to‘kin va farovon qilishdek sharafli mehnati e’tirof etilib, bu borada davlat va jamiyat tomonidan doimiy qo‘llab-quvvatlash davom ettirilishi aytilgan.

Prezident yangi O‘zbekiston mamlakat yoshlari uchun yuksak parvozlar va katta g‘alabalar maydoniga aylanib borayotganini alohida ta’kidlagan. Bugun ta’lim, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport, axborot texnologiyalari va biznes sohalarida yangi nomlar, yangi qahramonlar paydo bo‘layotgani, ana shunday bilimli, jo‘shqin hamda izlanuvchan o‘g‘il-qizlar bilan butun xalq haqli ravishda faxrlanishi qayd etilgan.

Davlat rahbari yoshlarga murojaat qilib, ularga Uchinchi Renessans bunyodkorlari bo‘lishdek yuksak sharaf nasib etayotganini ta’kidlagan. Ularni bugungi tinch va osoyishta hayotning, keng imkoniyatlar, ota-ona va ustoz-murabbiylar mehnatining qadriga yetib, tinimsiz o‘qib-o‘rganish, bilim va mahoratni doimiy oshirib borishga chaqirgan. Shu yo‘lda mamlakat yoshlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berishga tayyorlik bildirilgan.

Marosimda mahalla tizimining jamiyat hayotidagi o‘rniga ham alohida e’tibor qaratilgan. “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da katta dastur va rejalar amalga oshirilayotgani, bu ishlarga oila va jamiyatda tinchlik-totuvlikni, mehr-oqibatni mustahkamlash, ijtimoiy muammolarni joyida hal etish, ezgulik va adolatni qaror toptirishda otaxon va onaxonlar, “mahalla yettiligi” va faol fuqarolar yaqindan ishtirok etishlariga ishonch bildirilgan.

Shu munosabat bilan Prezident ertaga nishonlanadigan Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan jonkuyar mahalla raislari va faollarini, barcha yurtdoshlarni samimiy tabriklab, ularga yangi muvaffaqiyatlar tilagan.

Ta’kidlanganidek, ming yillar davomida xalqlar o‘rtasida ma’naviy ko‘prik bo‘lib kelayotgan Navro‘zning tinchlik, do‘stlik va hamkorlik g‘oyalari bugungi notinch zamonda yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekistonda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillari ushbu bayramni bir bo‘lib, shodu xurramlik bilan nishonlamoqda. Ana shunday ahillik va totuvlik yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etishning eng ishonchli kafolati ekani ta’kidlangan.

Jamiyatda millatlararo va dinlararo hamjihatlikni bundan buyon ham mustahkamlash uchun bor kuch va imkoniyatlar safarbar etilishi qayd etilgan. Shuningdek, qo‘shni va qardosh mamlakatlar bilan birga yagona Markaziy Osiyo ovozi bo‘lib, mintaqaning tinchlik, birodarlik va hamkorlik makoni sifatidagi nufuzini oshirishga ustuvor ahamiyat qaratilishi ta’kidlangan.

Davlat rahbari tadbirda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlar elchilari, xalqaro tashkilotlar vakillarini ham Xalqaro Navro‘z kuni bilan samimiy qutlab, ularning xalqlari va mamlakatlariga ezgu tilaklarini yo‘llagan.
Prezident butun xalqqa yana bir bor murojaat qilib, shunday dedi:
“Azaliy an’analarimizni davom ettirib, ko‘chat ekib, bog‘ yarataylik, uyimiz, mahallamizni obod qilib, hayotimizni yanada go‘zal va farovon etaylik!
Yaxshi qo‘shnichilik, ahilligimiz va ezgu ishlarimiz bilan yuksak marralarga intilayotgan xalq ekanimizni dunyoga namoyon etaylik!
Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot, yangi tarix, yangi kelajak yarataylik!”.
Bayram katta konsert dasturi bilan davom etgan. Folklor-etnografik jamoalar hamda san’atkorlarning chiqishlari, milliy o‘yin va askiyalar barchaga zavq-shavq ulashgan.
Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, parlament va hukumat a’zolari, turli hududlardan mehmonlar, mamlakatda faoliyat olib borayotgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etgan.