Dunyo mamlakatlari Yangi yilni qanday kutmoqda?

Olam

image

Dunyo bo‘ylab millionlab odamlar yangi 2021 yilni koronavirus pandemiyasi doirasidagi lokdaunlar, cheklovlar va komendantlik soatlari bilan kutib olishga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Butun dunyodagi rasmiylar jamoatchilikni Yangi yilni uyda kutib olishga chaqirgan. Quyida ularning ayrimlari bilan tanishasiz:

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson fuqarolarni qoidalarga rioya qilishga va Yangi yilni uyda "tinchlik" bilan kutib olishga chaqirgan. Koronavirus infeksiyasiga chalinganlar sonining ko‘payishi sababli Buyuk Britaniya Hukumati eng yuqori darajadagi cheklovlarni joriy qilgan. 

Fransiyada 31 dekabr kuni 100 mingga yaqin politsiya va jandarmalar bayram bazmlari va yig‘inlarini to‘xtatishga yo‘naltiriladi. Politsiya asosiy e’tiborni shahar markazlari va xavf kuchli bo‘lgan joylarga qaratadi.

Germaniya kansleri Angela Merkel 2020 yilni lavozimini egallagan 15 yildan buyon eng og‘ir yil deb atagan. Sog‘liqni saqlash vaziri Yens Shpan mamlakatda "eng sokin Yangi yil kechasi" kutilayotganini aytgan.

Italiyada 31 dekabr kuni ham soat 22:00 dan komendantlik soati boshlanadi va izolyatsiya rejimi 7 yanvarga qadar amal qiladi. Demak, italiyaliklar ham Yangi yilni uyda kutib oladi va televizorda bayram dasturlarini tomosha qiladi. 

Nyu-York Hukumati an’anaviy ravishda tantanali Yangi yil tadbirlari o‘tkaziladigan Tayms-skver maydonini yopdi. Bu yilgi bayram tadbirlarini faqatgina translyatsiya yordamida onlayn yoki televizorda ko‘rish mumkin.

Pandemiyada izolyatsiya rejimi uchinchi marotaba kuchga kirgan Isroilda ham politsiya bayram tadbirlarini tarqatib yuborishga tayyor. Mamlakatda nazorat dronlar va vertolyotlar orqali olib boriladi. 2 mingga yaqin politsiyachi vaziyatni nazorat qiladi.Ular shahar ko‘chalarida patrullik qilishadi va ziyofat rejalashtirayotganini ijtimoiy tarmoqlarda qayd etgan odamlarning manzillarini tekshiradi. 

Biroq, Yangi yil kechasida odamlar ko‘chaga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lgan shaharlar ham mavjud. Masalan, Dubayda minglab odamlar Burj-Xalifadagi mushakbozlik va lazer namoyishini tomosha qilishlari kutilmoqda. Ularning barchasi QR- kodlari yordamida ro‘yxatdan o‘tkaziladi, niqob taqish majburiy bo‘ladi. 

Bayrutda Hukumat komendantlik soatini soat 3:00 ga ko‘chirdi. Livan poytaxtida Yangi yil kuni barlar, restoranlar va tungi klublar mehmonlar uchun qayta ochiladi.

O‘zbekistonda esa koronavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyatning biroz barqarorlashganligini inobatga olib, Yangi yil bayrami munosabati bilan 2020 yil 31 dekabr va 2021 yil 1 yanvar kunlari to‘yxona, mehmonxona, restoran hamda kafelarda 30 kishidan ko‘p bo‘lgan ko‘ngilochar tadbirlarni koronavirusga PZR test yoki ekspress-test tekshiruvi asosida tashkil etilishiga istisno tariqasida ruxsat berilgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Yangi yil dunyo

Baholaganlar

111

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing