Dunyo qoraqalpoqlari nega Nukusda yig‘ildi?

Jamiyat

Tinchlik! Bugun ko‘plab mamlakatlar uchun begona tushuncha. Afsuski, O‘zbekiston tarixida ham tinchlikka raxna soluvchi holatlar bo‘lgan. 

Ammo bu sinovdan matonatli o‘ta olgan va o‘z tinchligini, bugungi kunga qadar tinchligini saqlab kela olgan O‘zbekiston kelajakda nimalarga e’tibor berishi kerak? 

Joriy yilning 26-28 avgust kunlari dunyo qoraqalpoqlari Nukusga yig‘ildi va QALAMPIR.UZ ham Qoraqalpog‘istonda. 

“Men Olmaotadan kelganman. Asli qoraqalpog‘istonlikman. 2000 yillarda taqdir ko‘rsatib, boshqa mamlakatga ketganmiz. Hozir esa Olmaotada Beshqal’a qoraqalpoq madaniy-etno markazining raisiman. Boshqa tomondan Rossiya agentligida jurnalist, siyosatshunos-sharhlovchi sifatida ham faoliyat yuritib kelaman”, dedi Ahmed Burxanov.

Boshqa bir suhbatdosh esa o‘zining Rossiyadan kelganini ma’lum qildi.

“Men Rossiyada jinoyat ishlari bo‘yicha o‘zbek-qirg‘iz-qozoq va qoraqalpoq tillaridan tarjimonman. Shuningdek, Moskvada qoraqalpoq diasporasi boshlig‘iman. Biz Rossiyada turli muammolarga yo‘liqqan qoraqalpog‘istonliklarga yordam beramiz. Masalan, ko‘plar hujjatsiz qo‘lga tushadi, pulsiz qolib ketadi yoki o‘lib qoladi. Bularning bari bizning yordamimizga ehtiyoj sezadi. Ana shunda biz yaxshilikka xizmat qilamiz”, dedi Moskva Qoraqalpoq diasporasi boshlig‘i Yelena Do‘stanova.

Xo‘sh, uzoq yillar davomida Qoraqalpog‘iston hududidan xorijga ko‘chib ketgan, shuningdek, O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida yashovchi qoraqalpoqlar nega Nukusga yig‘ildi? 

“Bir paytlar Qoraqalpog‘istondan suv taqchilligi va boshqa ekologik muammolar sabab ko‘chib ketganlar bu yerdagi o‘zgarishlar bilan tanishish uchun kelgan. Ular bunyodkorlik ishlari bilan tanishib, shu yerda ham yashasak bo‘lar ekan-ku, degan xulosaga kelishmoqda. Bu yig‘ilishni tashkil qilgan Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasiga katta rahmat”, dedi Avazmuhammad Abayev.

Ayni paytda Rossiya va Qozog‘istonda, dunyoning va O‘zbekistonning turli hududlarida istiqomat qiluvchi qoraqalpoqlar xalqni birdamlikka chorlayapti. Buning sababi esa dunyoda kechayotgan geosiyosiy vaziyat.  Ularning aytishicha, O‘zbekiston ko‘p millatli davlat va ular doimo inoqlikda yashagan. Buni esa ayrim kuchlar ko‘rolmayapti. 

“Xalqning o‘zi yaxshi, ammo sirtdan qochib yurgan ayrim odamlarni moliyalashtiruvchilar bor. Keyin esa ular bizga qoraqalpoq unday-bunday, deb tuhmat qilishadi. Buning hammasi yolg‘on. Qoraqalpoqlar va o‘zbeklar bir oiladek sharoitda yashashmoqda. Lekin geosiyosiy vaziyat bizga har xil o‘yin qilmoqda. Ularga bu yerning tinch bo‘lgani kerak emas. Agar O‘zbekiston tinch bo‘lmasa, haos bo‘lsa, hamma farovonchilik u yoqqa ketadi. Tinchlik bo‘lsa, hamma yaxshi ishlar bu yerda bo‘laveradi”, deb aytdi Qozog‘istonda yashovchi qoraqalpog‘istonlik politolog, iqtisodchi Ahmed Burxanov. 

“Yoshlarning orasiga o‘t soladigan, har xil fikrlarni tashlaydigan odamlar bor. Shuning oldini olish bo‘yicha hamma yerda ishlar olib borilyapti. Yoshlarga yaxshi tomonlarni, yaxshi ishlarni namuna qilib ko‘rsatish kerak”, dedi Qozog‘iston Respublikasi Artov qal’asi Qoraqalpoq etno-madaniyat birlashmasi to‘ra-og‘asi Jetkerbay Pishenbayev.

Shuningdek, ularning fikricha, bugun butun dunyoda kechayotgan siyosiy vaziyat nafaqat xalqlarni,  balki turkiy davlatlarni ham birlashishga undamoqda. Mamlakat rivojlanishi uchun esa birinchi navbatda tinchlik ta’minlanishi shart.

“Har qanday xalq rivojlanishni istasa, avvalo tinch bo‘lishi kerak. Agar tinchlik bo‘lmasa, el orqaga qaytadi. Masalan, biz Rossiyada yashaymiz va ko‘p sohalarda orqaga qaytyapmiz. Internetimiz yomon bo‘lyapti, ayrim kanallar yopilyapti, buning ustiga sanksiyalar bor. Biz endi rivojlanishdan qolamiz. Chunki ma’lumotlar yetarlicha kelmayapti. Qarasak, O‘zbekiston yaxshi rivojlanmoqda. Ancha yutuqlarga erishmoqda”, dedi Yelena Do‘stanova.

Dunyo qoraqalpoqlari 3 kun davomida O‘zbekistonda bo‘ldi. Ular Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishadi. Qadimiy Tuproqqal’a, Ellikqal’a, Shumanayda qurilgan yangi majmualar, Beruniy tumanida joylashgan Sulton Uvays Qorasiy ziyoratgohi kabi maskanlarga tashrif buyurdi.

Hulkar Murtazoyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Qoraqalpog'iston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing