Dunyo davlatlari qarzlari reytingida O‘zbekistonning holati qanday?
Jamiyat
−
09 fevral 2022
21325Qarzning yalpi ichki mahsulotga nisbati eng yuqori bo‘lgan davlatlar ro‘yxatida O‘zbekiston 153-o‘rinni egalladi. Bu haqda Visual Capitalist ma’lumotlari darak bermoqda.
2020 yilda COVID-19 butun dunyo bo‘ylab tarqala boshlaganidan beri global iqtisodiyot ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar, tovarlar narxining o‘zgaruvchanligi, mehnat bozoridagi muammolar va turizm daromadlarining pasayishi bilan sinovdan o‘tdi. Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, pandemiya natijasida 97 millionga yaqin odam o‘ta qashshoqlikka tushib qolgan. Ushbu qiyin vaziyatda yordam berish uchun dunyo hukumatlari yuqori sog‘liqni saqlash xarajatlari, ishsizlik, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va biznesning omon qolishiga yordam berish uchun o‘z xarajatlarini oshirishga majbur bo‘ldi.
Mamlakatlar ushbu chora-tadbirlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun yangi qarzlarni o‘z zimmalari oldi va bu yarim asrdagi global qarzning eng yuqori darajasiga olib keldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiya (256,9 foiz), Sudan (210 foiz) va Gretsiya (207 foiz) qarzning YAIMga nisbati eng yuqori bo‘lgan davlatlar ro‘yxatida yetakchilik qilmoqda. Ulardan keyingi o‘rinlarda Eritreya (175 foiz), Kabo-Verde (160 foiz) va Italiya (154 foiz) qayd etilgan.
Yaponiyaning qarz darajasi ko‘pchilikni ajablantirmagan. 2010 yilda u qarzning YAIMga nisbati 200 foizga erishgan birinchi davlat bo‘lgan va hozir bu ko‘rsatkich 257 foizni tashkil etadi.
O‘zbekistonda esa eng xavfsiz ko‘rsatkichlardan biri kuzatilayotgani aytilgan. U ro‘yxatda 153-o‘rinni (38,9 foiz) egallagan.
Davlat qarzining keskin oshib borayotgani tashvishga sabab bo‘lmoqda. Umuman olganda, mamlakat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbati qanchalik yuqori bo‘lsa, mamlakat o‘z qarzini to‘lamay qolishi ehtimoli shunchalik yuqori bo‘lib, bozorlarda moliyaviy vahima keltirib chiqaradi. Uzoq vaqt davomida qarzning YAIMga nisbati 77 foizdan yuqori bo‘lgan mamlakatlar iqtisodiy tanazzulni boshdan kechirgan.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil oxiriga kelib, global qarz 226 trillion dollarga yetgan, bu Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng katta yillik o‘sishdir.
LiveBarchasi