Yosh oilalar daromadining katta qismini nimaga sarflayotgani aytildi
Jamiyat
−
17 mart 2023
8458O‘zbekistonda yosh oilalar (oila boquvchisi yoshi o‘rtacha 38 yosh) boshqa yosh toifasidagi oilalarga nisbatan daromadining ko‘proq qismini qarz to‘lashga sarflayotgani aniqlandi. Bu haqda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) xabar berdi.
Institut ekspertlari tomonidan O‘zbekistonda insonlarning hayot sikli davomida iste’mol xarajatlari va daromadlari o‘zgarish xususiyatlari hamda qarz munosabatlariga kirishish holati tahlil qilindi.
O‘zbekistonda barqaror daromad va iste’molning hayot sikli gipotezasi ishlashi aniqlandi. Unga ko‘ra, insonlarning daromadlari 30 yoshgacha tezlik bilan o‘sadi, eng yuqori nuqtasi taxminan 30-50 yosh oralig‘ida saqlanib turadi va 60 yoshdan so‘ng keskin pasayadi. Bu o‘z navbatida, daromad va iste’mol orasidagi farq qarz olish orqali kompensatsiya qilinishi zarurati mavjudligini bildiradi.
O‘zbekistonda aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov (450 kishi ishtirokida) natijalariga ko‘ra, yosh oilalar (oila boquvchisi yoshi o‘rtacha 38 yosh) boshqa oilalarga nisbatan (oila boquvchisi yoshi o‘rtacha 49 yosh) daromadining ko‘proq qismini qarz to‘lashga sarflayotganini ma’lum qilgan. Bu yuqoridagi nazariy qarash (barqaror daromad va iste’molning hayot sikli gipotezasi)ga mos keladi.
Bunda respondentlarning 18 foizi maishiy texnika, 22 foizi uy-joy, 13 foizi avtomobil, 10 foizi o‘qish shartnoma to‘lovi, 11 foizi telefon uchun qarz olganligi ma’lum bo‘lgan. Qolgan 34% respondentlar qarzi yo‘qligini bildirgan. Shundan 18% respondentlarning o‘z jamg‘armalari mavjud.
So‘rovnoma natijalari bo‘yicha aholining 10 foizi tijorat do‘konlaridan muddatli to‘lovga qarz olishni (10 foizi bank kreditini, qolganlar o‘z va yaqinlari mablag‘i bo‘lishini) afzal ko‘rishini inobatga olib, O‘zbekistonda tobora ommalashib borayotgan muddatli to‘lovga uy jihozlarini taklif etish bozori o‘rganilishi rejalashtirilgan.
LiveBarchasi