Xitoydan burnigacha qarzga botgan davlatlar ro‘yxati ochiqlandi. O‘zbekiston qatorda bormi?
Olam
−
06 aprel 2023
86795Jahon banki Xitoydan eng ko‘p qarz olgan davlatlar qaysiligini ma’lum qildi.
Statistikaga ko‘ra, Xitoydan qarzdorligi eng yuqori bo‘lgan mamlakatlarning asosiy qismi Afrika qit’asida joylashgan. Shu bilan birga, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyo hamda Tinch okeani mintaqasidagi davlatlar ham Xitoydan qarzdorlik bo‘yicha oldingi o‘rinlarda turadi.
Tahlilda aytilishicha, port, temir yo‘l va quruqlik infratuzilmasini qurishni moliyalashtiradigan "Yangi Ipak yo‘li" loyihasi, ishtirokchi davlatlar uchun Xitoy oldidagi katta qarzdorlikni keltirib chiqargan. 2021 yil oxiridagi ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy dunyoning 98 ta mamlakatiga qarz bergan bo‘lib, ulardan Pokiston (24,7 milliard dollar), Angola (22,0 milliard dollar), Efiopiya (7,4 milliard dollar), Keniya (7,4 milliard dollar) va Shri-Lanka (7,2 milliard dollar) eng katta qarzdorlikka ega.
Mamlakatlarning yalpi milliy daromadiga nisbatan hisoblanganda eng katta qarzdorlik Afrikadagi Jibuti va Angola davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Maldiv, Laos va Mo‘g‘uliston kabi Osiyo davlatlari bu borada ro‘yxatning keyingi pog‘onalarida turibdi. Nomi keltirilgan mamlakatlarning Xitoydan olgan qarzi ularning yalpi milliy daromadiga nisbatan 25 foizdan yuqorini tashkil qiladi.
Markaziy Osiyoda Turkmanistonning nisbiy qarzdorligi qolgan davlatlarnikiga nisbatan pastroq bo‘lsa, Qirg‘iziston va Tojikistonda Xitoydan olingan qarz ularning yalpi milliy daromadiga nisbatan 10 foizdan 25 foizgacha qismini tashkil qilishi qayd etilgan. O‘zbekiston va Qozog‘istonning Xitoy oldidagi qarzdorligi esa ushbu mamlakatlar yalpi milliy daromadining 1-4 foiziga teng.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning davlat qarzi 2022 yilda rekord darajada oshgani ma’lum qilingandi. Unga ko‘ra, mamlakatning umumiy qarz miqdori 29,2 milliard dollarni tashkil etib, bu miqdor O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 36,4 foiziga teng.
Nodirjon Madaminov
LiveBarchasi