Dunyo buyuk yetakchini yo‘qotdi – Guterrish Gorbachyovning o‘limidan chuqur qayg‘uga tushganini aytdi
Olam
−
31 avgust 2022
5153SSSRning birinchi prezidenti Mixail Gorbachyov tarix rivojini o‘zgartirgan va Sovuq urushni tinch yo‘l bilan yakunlash uchun hammadan ko‘proq xizmat qilgan davlat arbobi edi. Bu haqda bugun, 31 avgust kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish tomonidan tarqatilgan bayonotda aytiladi.
“Tarix rivojini o‘zgartirgan mehribon davlat arbobi Mixail Gorbachyovning vafoti haqidagi xabar meni chuqur qayg‘uga soldi. U Sovuq urushni tinch yo‘l bilan yakunlash uchun hammadan ko‘ra ko‘proq harakat qildi”, deydi BMT Bosh kotibi.
U Birlashgan Millatlar Tashkiloti nomidan Mixail Gorbachyovning oilasiga, Rossiya Federatsiyasi xalqi va hukumatiga samimiy hamdardlik bildirgan.
“1990 yilda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini olish chog‘ida u “tinchlik bir xillik emas, balki xilma-xillikdagi birlik” ekanligini ta’kidladi. U muzokaralar, islohotlar, oshkoralik va qurolsizlanish yo‘lidan borib, bu muhim tushunchani amalda qo‘lladi”, deyiladi BMT Bosh kotibi xotiralarida.
Guterrishning qayd etishicha, Gorbachyov so‘nggi yillarda insoniyat farovonligi uchun zarur bo‘lgan yangi vazifani – inson va atrof-muhit o‘rtasidagi uyg‘unlikni rivojlantirish orqali barqaror kelajak yaratishni o‘z zimmasiga olgan.
“Mana shu ruhda u Xalqaro Yashil Xoch tashkilotiga asos solgan. Dunyo ko‘p tomonlama siyosatga sodiq, tinchlik tarafdori bo‘lgan buyuk yetakchini yo‘qotdi”, deydi BMT Bosh kotibi.
Mixail Gorbachyov 1931 yil 2 martda tug‘ilgan. U 1990 yil 15 martdan 1991 yil 25 dekabrgacha SSSRning birinchi va oxirgi prezidenti bo‘lgan. Bundan tashqari, u Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasining oxirgi Bosh kotibi va SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining raisi lavozimlarida ishlagan.
Gorbachyov 1991 yil 25 dekabrda SSSR prezidenti lavozimidan iste’foga chiqdi, shu bilan birga Sovet Ittifoqi o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Gorbachyov jamg‘armasida saqlanadigan mehnat daftarchasida uning davlat rahbari lavozimini tark etgani haqida hech qanday qayd yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, Mixail Gorbachyov 30 avgust kuni kechqurun og‘ir va uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng vafot etdi.