Do‘konlarda kannabis ta’mli energetik ichimlik sotila boshladimi? Sanepidemqo‘mita izoh berdi
Jamiyat
−
11 iyul
13943Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi do‘konlarda qutisida “noodatiy” rasmi bor va kannabis ta’mli energetik ichimlik sotila boshlangani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Chexiyada ishlab chiqarilgan hamda O‘zbekistonga olib kelingan 330 millilitrli energetik ichimligiga sanitariya-gigiyenik, bakteriologik, parazitologik va radiologik tekshiruvlardan so‘ng, sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirib berilgan. Laboratoriya tekshiruv natijalariga ko‘ra, energetik ichimlik tarkibida xavfsizlik ko‘rsatkichi hisoblangan zaharli yoki inson salomatligi uchun zararli moddalar aniqlanmagan.
Bildirilishicha, ichimlik qadog‘ida tarkibida suv, shakar, limon kislotasi, sitrat natriy, taurin, kofein, kanaplya ta’mini beruvchi aromatizatorlar, rang beruvchi karamel, vitamin V2, V6, V12 va pantoten kislotasi borligi ko‘rsatib o‘tilgan.
“Ushbu mahsulot O‘zbekiston Respublikasiga 2023 yilning noyabr oyidan buyon bojxona orqali rasmiylashtirib olib kirilayotgan bo‘lsa-da, bugungi kunga qadar mahsulotning sifatsizligi yoki uni iste’mol qilish oqibatida zaharlanganlik to‘g‘risida murojaat va arizalar kelib tushmagan”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondan keladigan anor ekstraktili gazli ichimlik vositasining tarkibida zaharli yoki inson salomatligiga zarar keltiruvchi moddalar aniqlanmagani xabar qilingandi.
LiveBarchasi