O‘zbekistonda OTMga kirish imtihonlari muddati o‘zgarishi mumkin

Jamiyat

image

2020-2021 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari 1 avgustdan boshlanishi belgilangan. Biroq bu muddat karantin sharoiti va abituriyentlar sonidan kelib chiqib o‘zgartirilishi mumkin. Bu haqda bugun, 22 iyun kuni Davlat test markazi bo‘lim boshlig‘i Farhod Mirzayev onlayn brifing vaqtida ma’lum qildi.

DTM vakili Farhod Mirzayev birinchi o‘rinda imtihonlarni o‘tkazish muddati haqida to‘xtalib o‘tdi va bu borada o‘zgarish bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

“2020-2021 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasasiga kirish imtihonlari muddati 1 avgustdan boshlanishi belgilandi. Biroq imtihonlarning boshlanish muddati bugungi kundagi vaziyatning qancha va qanday davom etishiga bog‘liq bo‘lib turibdi. Karantin muddatlari cho‘zilishi va ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soniga qarab, test sinovlarini o‘tkazish muddatida o‘zgarish bo‘lishi mumkin”, dedi Farhod Mirzayev.

Shundan so‘ng, DTM vakili imtihonlar qanday sharoitda o‘tkazilishi va binolarning tayyorgarligi haqida ma’lumot berdi.

“Test sinovlari asosan 64 ta binoda o‘tkaziladi. Bugungi kunda binolarni imtihonga tayyorlash ishlari tugatilyapti. Infeksiya butunlay bartaraf etilmagan va kafolat bo‘lmagan sharoitda abituriyentlarni ming o‘rinli binolarda tiqilinch holatda saqlashga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Shuning uchun, test sinovlari o‘tkaziladigan binolarda ko‘pi bilan 750 tagacha o‘rin tayyorlandi. Har bir abituriyent uchun 3 kv metr joy ajratiladi. Ular testda niqob va qo‘lqop bilan ishtirok etishi ta’minlanadi. Abituriyent tana harorati o‘lchangach, dezinfeksiya tunelidan o‘tkazib, binoga kiritiladi. Binolar kun davomida 4 marta dezinfeksiya qilinadi", deya izoh berdi Mirzayev.

Farhod Mirzayev bundan tashqari, imtihonlar uchun nazoratchilarni saralab olish jarayoni haqida ham ma’lumot berildi.

“Har yili bizda test sinovlarida ishtirok etishi uchun guruh nazoratchilari saralab olinadi. Joriy yilda 2-5 iyun kunlari guruh nazoratchilari uchun masofaviy o‘quv-seminar mashg‘ulotlari boshlandi. 5300 dan oshiq nazoratchilar taklif etilgandi”, dedi Farhod Mirzayev.

Ta’kidlanishicha, hozirgi kunda 1970 nafar nomzod o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etyapti. Imtihon boshlanguncha 3000 nafar nazoratchi saralab olinishi rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

imtihon karantin DTM

Baholaganlar

352

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing