DTM imtihonlar yakuni bo‘yicha hisob berdi
Jamiyat
−
20 avgust 2021
42209Xabaringiz bor, 2021-2022 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari 2021 yil 5 avgustdan 16 avgustga qadar 12 kun davomida kuniga 2 smenada bo‘lib o‘tdi.
Davlat test markazi 2021-2022 o‘quv yili uchun o‘tkazilgan test sinovlarining dastlabki yakunlari bo‘yicha ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, test sinovlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tanlab olingan 53 ta ochiq maydon (stadion va xiyobon) da o‘tkazildi.
Unda ishtirok etishi belgilangan 948 211 nafar abituriyentdan 892 242 nafari (94,1 foizi) ishtirok etgan bo‘lsa, 55 969 nafari (5,9 foizi) turli sabablarga ko‘ra test sinovlarida ishtirok etmadi.
Qayd etilishicha, test sinovlarida eng ko‘p abituriyent Toshkent shahri (172 400 nafar) hamda Qashqadaryo (91 855 nafar) va Samarqand (85 987 nafar) viloyatlarida ishtirok etdi.
Jami 563 nafar (948 211 nafardan) abituriyent imtihondan chetlatilgan. Undan 328 nafari (892 242 nafardan) test sinovi jarayonida, 235 nafari (55 969 nafardan) hududga kirishda tartib-qoidani buzgan.
Xabarda yozilishicha, test sinoviga kelgan vaqtda 110 nafar abituriyentning tana harorati 37 darajadan yuqori ekani aniqlangani sababli tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilib, test sinovlariga kiritilmagan. Ular uchun 30 avgustga qadar qo‘shimcha imtihonlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Qayd etish kerakki, test natijalariga ko‘ra 75 nafar abituriyent maksimal 189 ball to‘plagan. Eng ko‘p maksimal ball olgan abituriyentlar Toshkent davlat yuridik universiteti (22 nafar), Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (13 nafar) hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (11 nafar)ni tanlaganlar orasida kuzatilgan.
LiveBarchasi