DTM imtihonda telefondan foydalangan abituriyentni topdi

Jamiyat

image

Bugun, 2 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda abituriyentning test sinovida telefondan foydalanayotgani aks etgan video tarqaldi. Holat jamoatchilikda test sinovlarida nazorat sust degan fikrni shakllanishiga sabab bo‘ldi.

Davlat test markazi mazkur holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, markaz holat bo‘yicha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda surishtiruv o‘tkazgan. Hozirda DTM vaziyat yuzasidan barcha ma’lumotlarni jamlagan.

Qayd etilishicha, bu holat Sirdaryo viloyatidagi 4-kameradan, ya’ni Guliston shahri markaziy stadionida bo‘lib o‘tayotgan test sinovlaridan olingan bo‘lib, mazkur abituriyentga tegishli tarzda chora ko‘riladi.

“Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-apreldagi 261-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ga muvofiq test sinovlari jarayonida videokuzatuvlar orqali abituriyentning tartib va qoidalarga amal qilmaganligi aniqlansa, abituriyent test sinovlari jarayonidan chetlashtiriladi va natijalari chiqarilmasligiga asos bo‘ladi.

Shu o‘rinda barcha abituriyentlarni ogohlikka chaqirib, test sinovlari nazoratga olinganini inobatga olgan holda, abituriyentlardan turli qig‘ir yo‘llardan emas, balki to‘g‘ri yo‘ldan borishlarini va test sinovlarida o‘z bilimlariga ishongan holda ishtirok etishlarini so‘raymiz”, deya ogohlantirgan DTM.


Maqola muallifi

Teglar

imtihon abiturient DTM

Baholaganlar

524

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing