DSQ yilning 1-choragi bo‘yicha soliq islohotlari haqida ma’lumot berdi
Jamiyat
−
13 aprel 2019
3986Joriy yilning 4 aprel kuni Davlat soliq qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti raisligida Davlat byudjetiga tushumlar va eksport prognozlari ijrosi natijadorligi hamda birinchi yarim yillik uchun belgilangan ko‘rsatkichlarning so‘zsiz bajarilishini ta’minlash yuzasidan o‘tkazilgan videoselektorda berilgan topshiriqlar ijrosini so‘zsiz ta’minlash, 1-chorak yakunlarining sarhisobi va 2-chorakda soliq organlarining oldida turgan dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi.
Davlat soliq qo‘mitasi Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, asosiy e’tibor, soliq organlari xodimlarining malakasini oshirish, sohaga yangicha fikrlaydigan, malakali va yosh kadrlarni tanlash ishlarining natijadorligiga qaratildi.
Ta’kidlanishicha, soliq organlari safini almashtirib borilayotganligi qayd etilib, jumladan, joriy yilning o‘tgan davri davomida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va Davlat soliq qo‘mitasi nomenklaturasiga kiruvchi 70 ta hamda 55 ta tuman va shahar davlat soliq inspeksiyalariga yangi rahbarlar hamda boshqarma bo‘lim boshlig‘i lavozimlariga tayinlovlar amalga oshirildi.
Davlat soliq qo‘mitasiga Toshkent shahrining tuman davlat soliq inspeksiyalari boshliqlari va inspektorlik lavozimlariga istiqbolli kadrlarni ishga qabul qilish bo‘yicha saytda joylashtirilgan e’longa asosan o‘tgan qisqa muddat ichida inspektorlik lavozimlariga 109 nafar, davlat soliq inspeksiyalari boshlig‘i lavozimlariga 22 nafar nomzoddan rezyumelar kelib tushgan.
Davlat daromadlarining barqarorligini ta’minlash va qo‘shimcha zaxiralarni jalb etilishi tahlil qilinib, iqtisodiyotdagi ijobiy o‘zgarishlar va soliq islohotlarining amalga oshirilishi natijasida davlat byudjetiga 1-chorakda 18,4 trln. so‘m miqdorida mablag‘lar tushirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 170 foizga va 2018 yil 4-choragiga nisbatan 113 foiz o‘sganligi qayd etildi.
Soliq islohotlari doirasida soliq yukining keskin kamaytirilganligi tadbirkorlik sub’ektlariga ish haqi fondini oshirish imkoniyatini bergan.
Jumladan, 152,7 mingta xo‘jalik sub’ektlari 1 oylik ish haqi fondini 1,4 trln. so‘mdan 2,0 trln. so‘mga yetkazgan yoki 606 mlrd. so‘mga oshirgan.
Shu bilan birga, 106 mingta korxonalar ish haqi fondini kengaytirgan holda, xodimlarning o‘rtacha oylik ish haqini 1 154 ming so‘mdan 1 512 ming so‘mga yoki 31 foiz oshirgan.
Yig‘ilishda shuningdek, yangi soliq islohotlarining borishi, ish haqi fondi va yashirin ish o‘rinlarini legallashtirish hamda “Soliq-servis” DUK hududiy markazlari faoliyati tanqidiy muhokama etilib, mas’ul rahbarlarning hisobotlari tinglangan.
Soliqqa tortiladigan bazani kengaytirish va soliq to‘lovchilarning sonini oshirish, soliqlarni ixtiyoriy to‘lashga undash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yetarli darajada emasligi aniq sohalar bo‘yicha hududlar kesimida ko‘rsatib berilgan.
Yig‘ilishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash mexanizmlarini takomillashtirish, yangi soliq to‘lovi rejimiga o‘tgan sub’ektlarning majburiyatini bajarishda ularga amaliy yordam ko‘rsatish, aniqlangan xatoliklarini mustaqil to‘g‘rilash imkoniyatini berish hamda yashirin iqtisodiyotning ulushini qisqartirish hisobiga mahalliy byudjetlarning daromadini oshirish bo‘yicha yo‘nalishlar va nazorat raqamlari belgilab berilgan.
Shuningdek, joylarda davlat soliq inspeksiyalariga biriktirilgan sektorlar ishining natijalari, qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilishini vaqtida ta’minlash va aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, xonadonma-xonadon yurib fuqarolarning muammolarini o‘rganish hamda joyida hal etish vazifalari qo‘yildi.
Yig‘ilish yakuni bilan muhokama etilgan masalalar ijrosi va uning nazoratini ta’minlash yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilingan.