DSQ raisining xodimni haqorat qilgani audiosi tarqaldi. Qudbiyev ovoz o‘ziniki ekanini tan oldi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyevning soliq organi xodimi bilan telefon orqalit muloqoti yozib olingan audioyozuv tarqalmoqda. Unda DSQ raisi tadbirkorga ortiqcha to‘langan QQS summasi o‘z vaqtida qaytarilmagani, uning hisob raqamini yopib qo‘yilganidan g‘azablanib, xodimni haqorat qiladi. 

DSQ raisi mazkur holat bo‘yicha bayonot berib, ushbu ovozli yozuv haqiqatan ham unga tegishli ekanini rad etmagan.  

Ayni vaqtda uning haqoratlari yozilgan audio va kuni kecha rahbarlarning haqoratdan yiroq bo‘lishi kerakligini aytilgan intervyusi montaj qilib tartilmoqda. Qudbiyev o‘z murojaatida xatti-harakatlari aytgan fikrlarini rad etayotganini o‘z ham tan olgan. 

“Men rahbar shaxs og‘ir vaziyatlarda ham vazminlik bilan harakat qilishi lozimligi to‘g‘risidagi fikrimda qat’iy turaman va yuqoridagi holatda o‘zim shu fikrga qarshi harakat qilganimni tan olaman. Yuzaga kelgan vaziyatda mas’uliyatni his qilgan holda, men yuqoridagi xodim bilan alohida suhbatlashdim va biz birgalikda yoqimsiz hodisaga to‘liq barham berdik. Lekin bu meni mas’uliyatdan forig‘ qilmaydi.

Videoning tarqalishi borasida quyidagilarni aytib o‘tmoqchiman. 
 
Hech kimga sir emaski, soliq tizimida islohotlar boshlangan, shu bilan birga juda ko‘p muammolar yig‘ilib qolgan. Afsus bilan aytish kerakki, haligacha ayrim holatlarda tadbirkorlarga nisbatan “sog‘in sigir” sifatida qarab, ularning hisobidan o‘z xizmat vazifalarini, eng yomoni – ayrim hollarda esa shaxsiy manfaatlarini ko‘zlayotgan shaxslar uchrab turibdi. 

Yuqoridagi videoda aynan shunday holatlar muhokama qilingan edi. Birinchi holatda – tadbirkorga ortiqcha to‘langan QQS summasi o‘z vaqtida qaytarilmagan, ikkinchi holatda – asossiz ravishda xisob raqami band qilinib, undagi mablag‘lar undirilmoqchi bo‘lgan.

Masaladan yaqindan xabardor bo‘lganlar yaxshi bilishadiki, xodimlarning bunday mas’uliyatsiz hatti-harakatlari videoda aytib o‘tilgan ikkala tashkilotning ham faoliyati to‘xtatilishi kabi jiddiy oqibatlarga olib kelgan edi. Hozirda ushbu korxonalarning faoliyati to‘liq qayta tiklanishiga erishildi. 

Afsuski, bugungi kunda bu kabi masalalarni hal etishda shaxsan mening aralashuvim talab etilmoqda”, deydi Qudbiyev. 

DSQ raisining ta’kidlashicha, yaqin kelajakda soliq organlari tomonidan tadbirkorlar faoliyatiga qasddan yoki tasodifan aralashuv imkoniyatini butunlay yo‘qqa chiqaradigan yangi tizimni ishlab chiqish ustida ish olib  borilmoqda. Bu haqida so‘z ocharkan, Qudbiyev bu yangiliklar kimgadir yoqishi, kimlargadir yoqmasligini aytadi. 

“Bunday yangiliklar kimgadir yoqadi, kimgadir esa – yo‘q. Tizimdagi o‘zgarishlarga qarshi bo‘lganlar turli usullar bilan o‘zgarishlarga qarshilik qilishga harakat qilishadi. 

Lekin barcha tushunishi kerakki, biz oldimizga soliq tizimini tadbirkorlarga ko‘mak beradigan tizimga aylantirish bo‘yicha aniq maqsad qo‘yganmiz.  

Bu juda murakkab jarayon bo‘ladi va hamma ham biz bilan bu yo‘lning oxirigacha birga bosib o‘tolmasligi mumkin, kim bilandir xayrlashishga to‘g‘ri keladi, kim bilandir allaqachon xayrlashdik. Lekin, bir masalada ishonchim komilki, xodimlarimizning katta qismi ushbu o‘zgarishlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi va ularni amalga oshirishda faol ishtirok etadi. 
 
Yakunda shuni ma’lum qilmoqchimanki, yuqoridagi holat bo‘yicha qo‘mita Hay’atining navbatdan tashqari yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda yuqoridagi masalalar atroflicha muhokama qilindi va tashkilotimiz faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha xulosalar qilindi”.

Eslatib o‘tamiz, Sherzod Qudbiyev joriy yilning 13 may kuni DSQ raisi lavozimini egallagan. Bungacha u Prezident maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritgandi. 

 


Maqola muallifi

Teglar

Sherzod Qudbiev

Baholaganlar

537

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing