DSI boshlig‘i o‘rinbosarining o‘limiga sabab bo‘lgan IIB xodimlariga jazo tayinlandi
3-sahifa
−
03 dekabr 2021
21560Bugun, 3 dekabr kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudi binosida tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Aziz Ahmedovning o‘limida ayblanganlar ishi bo‘yicha sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar berdi.
Unda sudlanuvchilar M. Qo‘chqorov (1987 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, Kattaqo‘rg‘on tumani IIB yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan) va Sh. Rahimberdiyev (1990 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, Samarqand viloyati IIB YHXB YPXB 4-otryad katta inspektori lavozimida ishlagan) ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.
Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shrabot tuman sudi raisi I. G‘ulomov raisligida ko‘rib chiqilgan.
E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra M. Qo‘chqorov va Sh. Rahimberdiyev Jinoyat kodeksining 102-moddasi (ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish) 1-qismi va 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Sudlanuvchilar 2 yil ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, ularning har biriga 2 yil 10 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Qayd etilishicha, ushbu jinoyat ishi bo‘yicha jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlar yuzasidan fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanliklari tushuntirilgan.
“Mazkur hukm ustidan taraflar hukm e’lon qilingan kundan e’tiboran yigirma sutka ichida, sudlanuvchilar va jabrlanuvchilar hukm nusxasini olgan kundan e’tiboran shu muddat ichida Samarqand viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya shikoyati berishi yoki prokuror protest berish huquqiga ega ekanliklari ma’lum qilinadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 iyun kuni Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Aziz Ahmedov Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining zo‘rovonligi tufayli vafot etgandi.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rasmiy munosabat bildirib, unda fuqaro Aziz Ahmedov boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtotransport vositasi svetaforning qizil chirog‘idan to‘xtamasdan o‘tib, xodimlarning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, avtotransportda yuqori tezlikda harakatlanib yashirinmoqchi bo‘lganligi, shundan so‘ng yo‘l qatnov qismining o‘rtasida to‘xtab, haydovchi avtotransportni tashlab, piyoda qochishga uringanligini ma’lum qilgandi.