Dron hujumlari tufayli Rossiyada yoqilg‘i ishlab chiqarish kamayadi

Olam

image

Rossiyada neftni qayta ishlash zavodlariga Ukraina dronlarining hujumlari tufayli haftalik benzin va dizel ishlab chiqarish qisqarishda davom etmoqda. Bu haqda kecha, 27 mart kuni Rosstat ma’lumotlariga tayanib, “Novaya gazeta Yevropa” xabar berdi.

Nashr hisob-kitoblariga ko‘ra, 18-24 mart kunlari Rossiya neftni qayta ishlash zavodlarida 754,6 ming tonna benzin va 1,648 million tonna dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarilgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan mos ravishda 14,3 va 7 foizga kamdir.

“Kommersant” nashrining yozishicha,  Rossiyada 13-19 mart kunlari benzin ishlab chiqarish oldingi haftaga nisbatan 3,9 foizga, ishlab chiqarish rejasiga nisbatan esa 5,2 foizga kamaygan. Bunga Nijniy Novgorod, Ryazan va Sizran neftni qayta ishlash zavodlariga uchuvchisiz samolyotlar hujumi sabab bo‘lgan. 

"Zaxiralar tufayli ichki bozorga yetkazib berish bir xil darajada saqlanib qoldi", deb yozadi gazeta.

Qayd etish joizki, mart oyida Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlar kuchaydi. Xususan, 12 mart kuni Rossiyadagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri – Nijniy Novgorod neftni qayta ishlash zavodida yong‘in sodir bo‘ldi, 13 mart kuni esa dronlar Ryazan neft zavodi va Rostov-Donu yaqinidagi Novoshaxtinskiy neftni qayta ishlash zavodiga hujum qildi. 16 mart kuni dronlar Samara viloyatidagi ikkita neftni qayta ishlash zavodiga hujum qilgan va hujumlardan keyin ikkala zavodda ham yong‘in boshlangan. 17 martga o‘tar kechasi Slavyansk-na-Kuban shahridagi Slavyansk neftni qayta ishlash zavodiga dronlar hujum qilishga uringan va ulardan birining qulashi oqibatida yong‘in chiqqan.

"Novaya gazeta Yevropa"ning hisob-kitoblariga ko‘ra, mart oyining o‘rtalariga kelib, Ukraina Qurolli Kuchlari tomonidan qilingan hujumlar Rossiyada ishlab chiqarilgan avtomobil yoqilg‘isining taxminan oltidan bir qismiga (16%) ta’sir ko‘rsatgan.

"Financial Times" esa Qo‘shma Shtatlar Ukrainani Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlarni to‘xtatishga chaqirganini yozdi.

Manbaga ko‘ra, bu chaqiriq AQSHning neftning jahon narxlari oshishidan qo‘rquvi, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining g‘arbiy qismida joylashgan mamlakatning neftni qayta ishlash zavodlari, terminallari, omborlari va neft omborlariga qilingan hujumlarga munosabati bilan bog‘liq.

Ukrainada neftni qayta ishlash zavodlari harbiy nuqtai nazardan qonuniy nishon sifatida tasvirlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Dron hujumlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing