Donald Tramp Saudiya Arabistoniga bordi (video)
Olam
−
13 may 7562 2 daqiqa
Bugun, 13 may kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoniga tashrif buyurdi. Bu haqda BFMTV xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugun, 13 may kuni Tramp Yaqin Sharqqa uch kunlik safarini boshladi. Safar doirasida u, shuningdek, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklariga (BAA) ham boradi.
Ar-Riyodda Tramp Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilari sammitida ishtirok etadi. “Al-Quds” gazetasining xabariga ko‘ra, u yerda u Falastin Prezidenti Mahmud Abbos, Livan Prezidenti Jozef Aun va Suriya yetakchisi Ahmad ash-Shara bilan uchrashishi mumkin. Trampning qirollikka tashrifi munosabati bilan Saudiya-Amerika biznes konferensiyasi ham tashkil etiladi.
“The Washington Post ”ning yozishicha, Tramp mazkur safar davomida foydali savdo bitimlari tuzish va Fors ko‘rfazidagi boy mamlakatlardan AQSH iqtisodiyotiga investitsiyalar jalb qilishga e’tibor qaratmoqchi. “Reuters” agentligining ma’lumotiga ko‘ra, Tramp Saudiya Arabistonidan AQSH iqtisodiyotiga 1 trillion dollarlik investitsiya va’dasini kutmoqda.
Kun tartibida mintaqaviy xavfsizlik masalalari, xususan G‘azo sektoridagi janglar, Suriyadagi vaziyat, AQSH–Eron munosabatlari kabi mavzular bo‘lsada, asosiy urg‘u savdo-iqtisodiy va energetika sohalaridagi hamkorlik masalalariga qaratiladi. Safar davomida Tramp Fors ko‘rfazini “Arab ko‘rfazi” deb rasmiy ravishda qayta nomlash rejasini ham e’lon qilmoqchi.
Tashrif davomida Trampga maxsus vakil Stiv Uitkoff hamrohlik qiladi. AQSH Davlat kotibi va milliy xavfsizlik bo‘yicha vaqtinchalik maslahatchi Marko Rubio esa 14 maygacha delegatsiyada bo‘ladi, so‘ng NATO Tashqi ishlar vazirlari norasmiy yig‘ilishida qatnashish uchun Antaliyaga yo‘l oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an haqiqatdan ham eng yuqori darajadagi uchrashuv o‘tkazishi mumkinligi va unga Tramp tashrif buyurishi mumkilgi haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr