“Don kelishuvi” tugadi yoxud Rossiya dunyoni och qoldirmoqchi
Tahlil
−
22 iyul 2023
16169Goh tuzilib, goh buziladigan don kelishuvi. Aytganidan qaytaverib charchamagan, G‘arbdan arazlagan Rossiya, bug‘doyini sotolmayotgan Ukraina, o‘rtada balogardon va sarson Turkiya. Mana bir yilki, butun dunyo shu o‘yindan bezor.
O‘zi don kelishuvi nima edi? Uning ahamiyati qanday? Nega bu mavzu sira tinchimaydi? Bugun mana shular haqida gaplashamiz. Tayyor turing.
Rossiya va Ukrainaning boshini bir qilgan “Don yo‘lagi”
Boshqacha qilib aytganda “Qora dengiz tashabbusi” BMT, Rossiya, Ukraina va Turkiya o‘rtasida 2022 yilning iyun oyida imzolangan xalqaro kelishuv edi.
Ukraina urush boshlanmasidan avval dunyo bo‘yicha yetakchi bug‘doy, makkajo‘xori, kungaboqar yog‘i kabi oziq-ovqat mahsulotlari eksportchisi sanalar edi. Bu eksport esa asosan Qora dengiz bo‘ylab amalga oshirilgan. Masalan, birgina 2021 yilda Ukraina 5,87 milliard dollarlik bug‘doy eksport qilgan va bular asosan Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq va Afrika davlatlariga to‘g‘ri kelgan. Ukraina bug‘doy eksportining asosiy yo‘nalishlari Misr (851 million dollar), Indoneziya (640 million dollar), Pokiston (594 million dollar), Nigeriya (490 million dollar) va Efiopiya (440 million dollar) sanalgan. Mazkur mamlakatlarga Ukraina jami 45 million tonnadan ortiq don eksport qilar edi.
Biroq, Rossiya tomonidan “maxsus operatsiya” e’lon qilinganidan so‘ng, asosan, bug‘doy tashiladigan Qora dengizda ahvol keskinlasha boshladi. Ukrainaning qirg‘oq bo‘yi hududlari agressiya va blokadaga uchrashi oqibatida u bug‘doyni dengiz yo‘li orqali tashish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi.
Avvaliga Ukraina ham Rossiya ham bug‘doy bo‘yicha hech qanday kelishuv uchun harakat qilmaydi va mojaro bilan andarmon bo‘ladi. Ammo ko‘p o‘tmay Misr, Livan va Nigeriya kabi mamlakatlarda iqtisodiy muammolar paydo bo‘lib, millionlab odamlar qashshoqlikdan aziyat chekishni boshlaydi.
2022 yil 25 aprelda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mojaroning global muammolar, jumladan, oziq-ovqat, energiya va moliyaga ta’sirini muhokama qilish uchun uchrashuv o‘tkazadi. Ertasi kuni esa Guterrish Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan ham muloqot qilib, bo‘lib o‘tgan suhbatni “juda foydali” deb baholaydi. Ikki kun o‘tib, 28 aprelda Guterrish Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ham muloqot qiladi.
8 iyul kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov agar Ukraina o‘z portlari atrofidagi suvni minadan tozalasa, Rossiya don eksportiga ruxsat berishini aytadi. Uch kun o‘tib, 11 iyulda Zelenskiy Erdo‘g‘an bilan Ukraina portlarini blokdan chiqarish va g‘alla eksportini qayta yo‘lga qo‘yish zarurligi haqida muzokaralar o‘tkazganini ma’lum qildi.
Nihoyat 13 iyul kuni Rossiya, Turkiya va Ukraina harbiy delegatsiyalari Istanbulda BMT delegatsiyasi bilan uchrashdi. 2022 yilning 22 iyul kuniga belgilangan kelishuvni imzolash marosimida Guterrish, Erdo‘g‘an, Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu, Ukraina Infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov va Turkiya Mudofaa vaziri Hulusi Akar qatnashadi.
Mazkur kelishuv tomonlar uchun kutilgan natijani juda tez berdi. Masalan, kelishuvdan so‘ng ikki oy ichida Ukrainadan yo‘lga chiqqan kemalar soni 400 taga yetib bo‘lgandi.
29 oktyabr kuni bariga nuqta qo‘yildi
Aynan shu kuni Rossiyaning Sevastopoldagi Qora dengiz flotiga katta miqyosli dron hujumi uyushtiriladi. Asosiy nishonlar Rossiya harbiy kemalari bo‘lib, ularga yuqori aniqlikda va uzoq masofaga hujum qiluvchi raketalar Ukraina hududidan uchirilgan edi. Shu munosabat bilan Rossiya hukumati bug‘doy kelishuvini noma’lum muddatga to‘xtatganini rasman e’lon qildi va Ukrainaning kemalari yo‘lga chiqishi to‘xtatildi. Turkiya va BMT tashabbus ko‘rsatib, Rossiya hukumati bilan muzokaralarni bir kun o‘tib boshlab yuboradi. Ular Rossiyaning bu ishi Afrika davlatlarining millionlab aholisini och qoldirishi mumkinligini aytib, uni bu qaroridan qaytarishga tirishadi. Ammo “arazlagan” Rossiya tomoni bu vaqtda kelishuv to‘xtagani va buning uchun Afrika davlatlariga “kompensatsiya” berishga ham tayyor ekanini ma’lum qiladi. 1 noyabr kuni esa Vladimir Putin kelishuvdan chiqmaganini ammo “qatnashishni to‘xtatganini” bildiradi.
Ammo 2 noyabr kuni Turkiya Mudofaa vazirligi Turkiya bayrog‘i ostidagi yuk kemalari Rossiyaning don bitimidagi ishtiroki to‘xtatilganiga qaramay, “Ukrainadan oziq-ovqat eksport qilishda davom etadi”, deb bayonot beradi. Shundan so‘ng Rajab Toyib Erdo‘g‘an yana Rossiya Prezidentiga qo‘ng‘iroq qilib, bug‘doy kelishuvini yana muhokama qilishga ko‘ndiradi.
Erdo‘g‘an bu muhim vazifani uddalagani shu kunning o‘zida Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi kelishuvga qaytganini rasman e’lon qilib chiqqanidan so‘ng ayon bo‘ldi.
“Don kelishuvi”dan Rossiyaning ko‘ngli to‘lmadimi?
Rossiya hukumati bot-bot bug‘doy kelishuvi faqat G‘arb manfaatlariga xizmat qilishini ta’kidlab, bunda Rossiya manfaatlari inobatga olinmayotganidan nolib turardi. 22 dekabrda Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Viktoriya Abramchenko NTV telekanalidagi Pozdnyakov dasturiga bergan intervyusida g‘alla bo‘yicha kelishuv hali ham Yevropa Ittifoqi manfaatlarini ko‘zlab bir tomonlama amalga oshirilayotganini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 16 dekabrda jami 561ta kema don bitimi doirasida yo‘lga chiqqan bo‘lsa, Yevropa Ittifoqiga 6,4 million tonna g‘alla, shundan 43 foizi makkajo‘xori va 29 foizi bug‘doyga to‘g‘ri kelgan. Turkiyaga bo‘lsa ikki million tonnadan ortiq g‘alla jo‘natilgan.
Boshqa tomondan esa Turkiya hukumati kelishuvning samarasini yuqori baholab, “G‘alla kelishuvi” tufayli bug‘doy narxi bir tonna uchun 440 dollardan 320 dollarga tushayotganini iddao qildi. Bunday qulay imkoniyat sabab Qora dengizda suzayotgan Ukraina kemalari soni 500 tadan ortganda dastlabki kelishuv bo‘yicha 19 noyabrda tugashi kerak bo‘lgan asosiy muddat yana 120 kunga, ya’ni 2023 yilning 18 martigacha uzaytiriladi. Ammo Rossiya tomoni muddat 120 kunga emas, atigi 60 kunga uzaytirishni ko‘zlagan edi. Buning sababini izohlar ekan 14 mart kuni Dmitriy Peskov shunday deydi:
“Don shartnomasi”ni 60 kunga uzaytirish Rossiya tomonidan yaxshi niyat ishorasidir, chunki uning Rossiya Federatsiyasiga tegishli ikkinchi qismi hali yakunlanmagan”.
Shuningdek, Rossiya hukumati Bosh vaziri o‘rinbosari Sergey Vershinin bunga sabab sifatida Rossiya oziq-ovqat va o‘g‘itlar yetkazib berish masalasida oldinga siljish bo‘lmaganini ko‘rsatgan. Qolaversa, Rossiya hukumati Ukraina bug‘doyiga cheklovlar olib tashlangan holda, Rossiyaning Ukrainadan tortib olgan yoki o‘z hududida yetishtirgan bug‘doy va g‘alla mahsulotlariga G‘arb sanksiyalar qo‘llaganidan nolib keldi.
Xususan, Rossiyaning BMTdagi elchisi Vasiliy Nebenzya BMT Xavfsizlik Kengashida shunday bayonot beradi:
“Agar Bryussel, Vashington va London Ukrainadan dengiz gumanitar koridori orqali oziq-ovqat eksportini davom ettirishdan chin dildan manfaatdor bo‘lsa, ular Rossiya qishloq xo‘jaligi sektoriga kiritilgan sanksiyalaridan ozod qilishlari uchun ikki oy vaqtlari bor. Aks holda, biz BMT Bosh kotibining paket konsepsiyasini qabul qila olmaymiz”.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning matbuot kotibi Stefan Dyujarrik o‘z bayonotida kelishuv amal qilgan muddat ichida 25 million metrik tonna (taxminan 28 million tonna) don va oziq-ovqat mahsulotlari 45 mamlakatga yuborilgani, bu esa global oziq-ovqat narxlarining pasayishiga va barqarorlashuvga yordam berganini aytadi. 18 mart kuni Rossiya va Ukraina Turkiya va BMT mezbonlik qilgan muzokaralarda kelishuvni yana kamida 60 kunga uzaytirishga kelishib olishadi.
“19 martda tugaydigan don bitimi muddati uzaytirildi. Biz ikki tomon (Rossiya va Ukraina) bilan olib borgan muzokaralar tufayli kelishuvning yangi muddatiga uzaytirilishini ta’minladik”, deb ma’lum qiladi Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakat g‘arbidagi Chanoqqal’a shahrida.
Rossiya hukumati shundan keyin ham baribir bug‘doy kelishuviga salbiy qarashlarini to‘xtatmaydi. 2 kun o‘tib bayonot bergan Vladimir Putin kelishuv to‘liq amalga oshirilmayotganiga shama qilib, atigi 3 foiz bug‘doy Afrikaga yetib borganini ta’kidlaydi.
“Agar biz don shartnomasini uzaytirmaslikka qaror qilsak, bu donni Afrikaga tekin yetkazib beramiz”, degan Putin.
31 mart kuni Turkiya Milliy Mudofaa vazirligi oziq-ovqat kelishuvi doirasida Yevropaga 40%, Afrika mamlakatlariga esa 3 % emas, 12% g‘alla tashilgani haqida ma’lumot taqdim etdi.
Shundan keyin Rossiya tomoni g‘alla shartnomasining Rossiya qismi umuman amalga oshirilmayotgani, to‘siqlar saqlanib qolayotgani va hatto yanada qattiqlashayotgani kabi yangi bahonalar o‘ylab topa boshladi. Shunday deya Rossiya kemalarni tekshirishga to‘sqinlik qilishni ham boshlagan.
“O‘rtakash” Erdo‘g‘an
Turkiya rahbari Erdo‘g‘an yana maydonga tushdi va yana rossiyalik hamkasblari bilan muloqot qila boshladi. 17 may kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bug‘doy kelishuvi yana ikki oyga uzaytirilganini e’lon qiladi. Shu kuni Rossiya va Ukraina Turkiya va BMT bilan hamkorlikda kelishuvni yana 60 kunga ya’ni iyul oyining o‘rtalariga qadar uzaytirishga kelishib olishgani ommaviy axborot vositalarida tarqatiladi. Ukraina infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov don bo‘yicha kelishuv muddati 18 iyulgacha uzaytirilganini tasdiqlaydi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham don shartnomasi uzaytirilganini tasdiqlar ekan, muzokaralarda “nisbiy natija” borligini aytdi. Xususan “Rosselxozbankni” SWIFTga ulash imkoniyati haqida gapirar ekan, uni “blokdan chiqarishga teng” variantlar ishlab chiqilayotganiga umidlar borligini hamda Rossiya ammiakini yetkazib berish muammosini hal etish bo‘yicha ham ish davom etayotgani haqida bayonot beradi.
Don kelishuvini bir necha bor uzaytirishning asosiy omili sifatida Erdo‘g‘an va Putinning yaqindan muloqoti deb ko‘riladi. Xususan, Erdo‘g‘anning ta’kidlashicha, Rossiya kabi davlatlar bilan munosabatlarda muvozanatli yondashish kerak, lekin G‘arb buni qilmayapti. Erdo‘g‘an bunday yondashuv yanada muvaffaqiyatli bo‘lar edi, deya Putinni yupatishga uringan.
“Moskva Qora dengiz tashabbusini kengaytirish istiqbollarini ko‘rmayapti”
22 may kuni BMT Ukrainaning Pivdenniy portiga yetib kelgan kemalar kamligidan xavotir bildiradi. Shundan so‘ng Ukraina va AQSH Rossiyani 29 apreldan beri Pivdenniyga yo‘l olgan kemalar tekshiruvini to‘xtatib, kelishuvni buzganlikda ayblaydi.
“Rossiya va BMT o‘rtasida don kelishuvi doirasidagi o‘zaro anglashuv memorandumi bajarilmayapti va Moskva Qora dengiz tashabbusini kengaytirish istiqbollarini ko‘rmayapti”, deya buning sababini izohlagan Rossiya Federatsiyasining BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya 6 iyun kuni.
13 iyunda Vladimir Putin jurnalistlar bilan uchrashuvda shunday bayonot berdi:
“Bizga donimiz repressiyaga duchor bo‘lmaydi, deb va’da berishdi, ammo biz yana aldandik. Ayni paytda hukumat bilan kelishuvdan chiqish to‘g‘risida bosh qotiryapmiz”.
Shunday so‘ng xalqaro tahlilchilar Rossiya subutsizlikda, kelishuvga erishib bo‘lgandan so‘ng atayin uni buzishda ayblay boshladi. Ertasi kuniyoq Dmitriy Peskov kelishuvdan chiqish faqat uning muddati tugaganidan keyingina amalga oshishi mumkinligini aytdi va Ukrainani bug‘doy kelishuvini tijoriylashtirishda aybladi. 17 iyun kuni Afrika delegatsiyasini qabul qilgan Vladimir Putin Ukraina g‘allasini jahon bozorlariga yetkazib berish qashshoqlik va ochlik muammolarini hal qilishiga ishonmasligini, kelishuvdan natija yo‘qligini qayta va qayta ta’kidladi.
8 iyulda Anqarada Ukraina va Turkiya Prezidentlari Vladimir Zelenskiy va Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Erdo‘g‘an, Turkiya don yo‘lagini ikki yilga uzaytirish majburiyatini olganini aytdi. Zelenskiy esa ommani don yo‘lagi taqdiri Rossiyaga bog‘liq emasligiga ishontirishga harakat qiladi.
10 iyulda “TASS”ga bergan intervyusida Rossiya Federatsiyasining Federatsiya Kengashi qo‘mitasi raisi Viktor Bondarev Turkiyaning nodo‘stona qadami Yevropa ittifoqining bosimidan keyin paydo bo‘ldi va bu g‘alla shartnomasining amalda bekor qilinishini ham anglatishini ma’lum qiladi. Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham shu kuni bayonot berib, Rossiya Prezidenti Putindan konstruktiv reaksiya kutayotganini, Kiyev allaqachon tayyorligini bildiradi.
Antoniu Guterrish idorasi BMT Bosh kotibi Putinga don bitimini uzaytirish taklifi bilan maktub yuborgani haqida xabar tarqatdi. Guterrish taklifining maqsadi Qishloq xo‘jaligi banki faoliyatidagi to‘siqlarni bartaraf etish va “Qora dengiz tashabbusi”ning keyingi ishini ta’minlashdan iborat bo‘lib, u kelishuvning har ikki qismini uyg‘unlashtirish taklifini ham ilgari suradi.
13 iyul kuni Vladimir Putin – “Rossiya uchun don kelishuvi doirasida hech narsa qilinmadi – bir eshikli o‘yin”, deb yana arazlagannamo bayonot berdi.
Putinning bu gapidan bir kun o‘tib Turkiyaning hukmron partiyasi Erdo‘g‘an “don kelishuvi” yakunlanishiga qadar Putin bilan muzokaralar o‘tkazishi kutilayotgani, Anqara inqirozning cho‘zilib ketishini istamasligini bildirdi. Shu kuni AFR Erdo‘g‘anga tayanib Putin don shartnomasini uzaytirishga rozi bo‘ldi, deb xabar berdi. Ammo buni Dmitriy Peskov tezkorlik bilan rad etdi.
15 iyul kuni BMT Muvofiqlashtiruvchi Markazi ham eng kambag‘al mamlakatlar don bitimi bo‘yicha jo‘natilgan makkajo‘xorining atigi 10 foizini va bug‘doyning 40 foizini olgani haqida xabar tarqatadi.
17 iyulda kelishuv bo‘yicha so‘nggi kema Odessa bandargohini tark etdi. Shu kuni Dmitriy Peskov “G‘alla shartnomasi” bo‘yicha kelishuvlar amalda tugatilganini e’lon qildi va “Don yo‘lagi” bo‘yicha kelishuvlarning Rossiya qismi bajarilishi bilanoq Rossiya darhol uni amalga oshirishga qaytishini qo‘shimcha qildi.
Shunday qilib, uzoq tortishuv va davomiy bahslardan keyin ushbu hujjat o‘z kuchini yo‘qotdi va muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Kelishuvga kim qachon va qanday qaytishi esa mavhum bo‘lib turibdi.
So‘nggi tafsilotlar
Rossiyadan endi umid yo‘qligini bilgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga telefon qildi. U o‘zaro muloqot chog‘ida Rossiya ishtirokini to‘xtatib qo‘ygan don yo‘lagi kelishuvini saqlab qolish uchun “mas’uliyatli davlatlar” bilan ishlash zarurligini aytgan.
“Men BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan suhbatlashdim. Mavzu aniq – bu Rossiyaning ochlik va global oziq-ovqat bozoridagi beqarorlikdan qurol sifatida foydalanish uchun navbatdagi urinishi. “Terrorchi davlat” Ukraina oziq-ovqat eksportiga qaram bo‘lgan turli mamlakatlarda 400 million kishining hayotini xavf ostiga qo‘ydi. Eng keskin vaziyat Afrika va Osiyoning Somali, Efiopiya, Janubiy Sudan va Yaman kabi mamlakatlarida bo‘ladi”, degan Zelenskiy o‘zining Telegram sahifasida.
O‘z navbatida, Zelenskiy Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga don yo‘lagi kelishuvini yoki uning o‘xshashini uch tomonlama shaklda davom ettirish taklifi bilan rasmiy maktub yuborgan.
“Don yo‘lagi” kelishuvi natijalari juda hayratlanarli – qariyb 33 million tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 45 mamlakatga eksport qilindi. Ularning 60 foizi Afrika va Osiyo mamlakatlariga, xususan, Jazoir, Tunis, Liviya, Misr, Keniya, Efiopiya, Somali, Sudan, shuningdek, Xitoy, Hindiston, Bangladesh, Indoneziya, Pokiston, Iroq, Livan, Yaman kabi davlatlarga jo‘natildi. Bizning oziq-ovqat eksportimiz, aytganimdek, Yaman va Somali kabi mamlakatlarda insonlar hayotini saqlab qolishga yordam beradi”, degan Ukraina Prezidenti.
Rossiya Ukrainaning bu bayonotiga jimgina qarab turarmidi? Yo‘q, albatta. Kecha, 19 iyul kuni Rossiya Mudofaa vazirligi don yo‘lagiga oid yangi bayonotini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, 20 iyuldan boshlab Qora dengizdagi Ukraina portlariga yo‘l olgan barcha kemalar potensial harbiy yuk tashuvchilar sifatida ko‘rib chiqiladi.
Ko‘p o‘tmay Putin ham tilga kirdi:
“Biz bu kelishuvni qayta-qayta uzaytirdik va uni uzaytirish orqali chidamlilik va sabr-toqat, bag‘rikeng ekanimizni ko‘rsatdik. Biz xorijlik hamkasblarimiz kelishilgan va tasdiqlangan parametr va shartlarga nihoyat to‘liq amal qila boshlaydilar, deb umid qilgandik. Biroq, hech kim kelishuvlarni bajarmoqchi emas edi. Ular Rossiyadan doimiy ravishda nimadir talab qilishardi”, dedi Rossiya Prezident.
Uning ta’kidlashicha, hatto BMT kotibiyati va tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrishning sa’y-harakatlari ham yordam bermagan. U g‘arblik “sheriklari” kelishuvni buzish uchun “hech qanday kuchni ayamagani, uni izdan chiqarish uchun hamma narsani qilishganini” da’vo qildi.
“Bugun butun dunyo ochiqdan-ochiq yolg‘on gapirib, g‘alla bo‘yicha kelishuvning barbod bo‘lishida aynan Rossiya aybdor, demoqda.
Ular G‘arbning o‘zi bir vaqtlar o‘g‘irlab ketgan, urushlar, ochlik va qashshoqlik tubiga itarib yuborgan Afrika va boshqa bir qator mamlakatlarning deyarli barcha muammolarida Rossiyani ayblaydilar. Va u o‘zining yangi mustamlakachilik tizimi doirasida bu davlatlarni talon-taroj qilishda davom etmoqda. U g‘alla bitimidan uyalmasdan foyda ko‘rdi: u shunchaki bu kelishuvlarning ma’nosi va mohiyatini butunlay buzib ko‘rsatdi”, dedi yana Putin.
Undan ham yomoni 20 iyulga o‘tar kechasi Rossiya armiyasi yana raketalar va dronlar bilan Ukrainaga hujum qildi. Odessa o‘qqa tutildi.
Odessa porti don yo‘lagidagi eng muhim portlardan biri bo‘lib, uning zarar ko‘rishi oqibatida ko‘plab don va neft terminallari zarar ko‘rdi.
Rossiya tomoni buni Qrim ko‘prigidagi portlash uchun “javob zarbalari” ekanini aytsa, Ukraina tomoni bu don kelishuvining talafotli yakuni demoqda.
“Bu oqshom Rossiya terroridan eng ko‘p jabr ko‘rgan port terminalida Xitoyga jo‘natish uchun mo‘ljallangan 60 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari saqlanayotgan edi. Dunyoda hamma Rossiyani terror uchun javobgarlikka tortishdan manfaatdor bo‘lishi kerak”, dedi Zelenskiy.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, zarba nishoni faqat Ukraina bo‘lmagan, chunki hujumga uchragan portlarda Afrika va Osiyo mamlakatlariga jo‘natish uchun mo‘ljallangan million tonnaga yaqin oziq-ovqat saqlanadi.
Ukraina agrar siyosat va oziq-ovqat vaziri Nikolay Solskiyning aytishicha, 19 iyulga o‘tar kechasi g‘alla bitimiga aloqador port ob’ektlari o‘qqa tutilgan. Oqibatda Chernomorsk portiga yuklanishi kerak bo‘lgan 60 ming tonna don yo‘q qilingan. Va bu yuk Xitoyniki bo‘lgan.
Eng qizig‘i ana endi boshlanadi. Xitoy yuklari tovonini Rossiyadan talab qila oladimi? Voqealar rivojini QALAMPIR.UZ’da kuzating.
LiveBarchasi