“Volodya, bu men emas. Putin”. Zelenskiy Lukashenko undan uzr so‘raganini aytdi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya tomonidan boshlangan keng ko‘lamli urush boshida qo‘shni Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Rossiyaning Ukrainaga Belarus hududidan raketa hujumlari uchun uzr so‘raganini aytdi. Bu haqda Zelenskiy amerikalik podkaster Leks Fridmanga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Bir necha kundan so‘ng, ya’ni urushning birinchi kunlarida men Lukashenko bilan telefonda gaplashdim va u uzr so‘radi”, degan Zelenskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Lukashenko quyidagi so‘zlarni aytgan:

“Bu men emas, raketalar mening hududimdan uchirilgan. Ishoning, Volodya, bu men emas. Men nazorat qilmayman, bu shunchaki raketalar, bu Putin...”

Bundan tashqari, Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Lukashenko javob chorasi sifatida Belarusdagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodiga zarba berishni taklif qilgan. Mozir neftni qayta ishlash zavodi Ukraina bilan chegaradosh Gomel viloyatida joylashgan.

Rasmiy Minsk Zelenskiyning so‘zlarini qat’iyan rad etdi. Lukashenkoning matbuot kotibi Natalya Eysmont Rossiyaning RBK agentligiga bergan izohida Belarus rezidenti Zelenskiydan kechirim so‘ramaganini aytdi.

“Oddiy sababga ko‘ra, bizda kechirim so‘rash uchun hech qanday sabab yo‘q, birinchi navbatda, Ukraina, biz eslayotganimizdek, Amerika va butun G‘arbdan oldin birinchi bo‘lib Belarusga qarshi sanksiyalar kiritgan”, degan Eysmont.

Eysmontning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy va Lukashenko o‘rtasidagi suhbat aslida ham bo‘lib o‘tgan va unda Belarus fuqarosi mojaro birinchi navbatda Ukraina hududida avj olgani va Zelenskiy vaqt o‘tishi bilan odamlarning o‘limi uchun boshqalardan ko‘ra ko‘proq javob berishi kerakligini aytgan.

“Shuning uchun rasmiy Minsk muzokaralar stoliga o‘tirishga chaqirdi”, deya qo‘shimcha qilgan Eysmont.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zelenskiy podkaster Leks Fridmanga bergan intervyusida Ukraina Rossiya tomonidan bosib olingan hududlardan voz kechish evaziga NATOga qo‘shilish ssenariysini ko‘rib chiqishi mumkinligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Aleksandr Lukashenko Zelenskiy Ukraina Prezidenti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing