Turkiya va Iordaniya Suriyani qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldi
Olam
−
06 yanvar 2965 2 daqiqa
Turkiya va Iordaniya Suriyada inklyuziv hukumat yaratish va barqarorlikni ta’minlash borasida ushbu davlatni qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldi. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Anqarada iordaniyalik mavqedoshi Ayman Husayn Abdulloh as-Safadiy bilan muzokaralardan so‘ng aytib o‘tdi.
“Biz Suriyada barqarorlikni ta’minlash muhimligini ta’kidladik va xalqaro, mintaqaviy darajada yangi hokimiyatlarni, jumladan, inklyuziv hukumat yaratish masalasida qo‘llab-quvvatlashimiz va ularga qanday choralar ko‘rish kerakligi haqida o‘z fikrimizni bildirishimiz kerakligiga kelishib oldik. Imkon qadar tezroq barqarorlikni ta’minlash, asosiy xizmatlarni taqdim etish uchun biz Suriya xalqi va Suriya hukumati bilan to‘liq birdam bo‘lishga kelishib oldik va Suriyani qayta tiklash bo‘yicha hamkorlik bo‘yicha fikr almashdik”, degan Fidan.
Poytaxt Anqarada 3+3 formatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda as-Safadiy boshchiligidagi Iordaniya delegatsiyasi bilan muzokaralarda Turkiya Mudofaa vaziri Yashar Gyuler va Razvedka xizmati rahbari Ibrohim Qalin ham bor edi. Diplomatik manbalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, as-Safadiyga Iordaniya Bosh shtab boshlig‘i general-mayor Yusuf Huneyti va Razvedka boshqarmasi boshlig‘i general-mayor Ahmad Husniy hamrohlik qilgan.
As-Safadiy Turkiyaga oxirgi marta 2024 yil 15 oktyabrda tashrif buyurgan. Fidan 2024 yilning 14 dekabr kuni Suriya bo‘yicha yig‘ilishda ishtirok etish uchun Iordaniyaning Aqaba shahriga tashrif buyurgan va iordaniyalik mavqedoshi bilan uchrashgan. Fidan 23 dekabr kuni Safadiy bilan telefon orqali ham gaplashgan.
Mintaqadagi ikki muhim hamkor bo‘lgan Turkiya va Iordaniya o‘rtasidagi muntazam maslahatlashuv va o‘zaro tashriflar ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Ikki davlat mintaqadagi o‘zgarishlarga javoban ikki tomonlama va ko‘p tomonlama yaqindan hamkorlik qilmoqda.
2024 yil noyabr holatiga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 1 milliard dollarga yetdi va bu ko‘rsatkichni yanada oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish vaziri Svenya Shulse federal hukumat Suriyaga yordam beradigan bir qancha loyihalarda ishtirok etishi hamda bu maqsadlar uchun jami 60 million yevro ajratilishini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi