“Dolzarb viza” oyligi: TIV vizaga bog‘liq ishlarni faollashtiradi
Jamiyat
−
13 iyul 4046 3 daqiqa
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat fuqarolari borishi uchun viza talab qiladigan davlatlar bilan bir oy davomida yaqindan muzokaralar olib borib, vizaga doir muammoli va qiyin vaziyatlarni ko‘rib chiqadi hamda ular bilan viza rejimini yengillatishga harakat qiladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston–2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida mamlakat Tashqi ishlar vazirligi tizimida “Dolzarb viza” oyligi boshlangan.
Oylik doirasida O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari mamlakat fuqarolari uchun vizasiz safar qilish imkoniyatlarini kengaytirish, viza rasmiylashtirish tartib-taomillarini soddalashtirish hamda zamonaviy va qulay viza mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan muzokaralarni yanada faollashtiradi.
Vazirlikka ko‘ra, bunda asosiy e’tibor O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejimni joriy etish, elektron vizalar, soddalashtirilgan viza tartiblari va boshqa yengillashtirilgan mexanizmlarni kengaytirishga qaratiladi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston fuqarolari uchun bir qator yangi vizasiz va soddalashtirilgan sayohat imkoniyatlari yaratildi. Jumladan, 2026 yil iyun oyi boshida Toshkentda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvda O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida o‘zaro 30 kunlik vizasiz rejimni joriy etish bo‘yicha kelishuv notalari almashilgandi. Bu 2025 yilda Xitoy bilan joriy etilgan vizasiz tartibning mantiqiy davomi sifatida baholanmoqda.
2026 yil 15 maydan boshlab esa Ozarbayjon ham O‘zbekiston fuqarolari uchun yangi yengillashtirilgan tartibni amalga kiritgandi. Unga ko‘ra, o‘zbekistonliklar mazkur mamlakatga yil davomida uch martagacha vizasiz kirishi va har bir safarda 30 kungacha bo‘lishi mumkin. Agar bo‘lish muddati 15 kundan oshsa, ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi.
Shuningdek, 11 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi hukumati o‘rtasida diplomatik pasport egalarini viza talablaridan o‘zaro ozod qilish to‘g‘risidagi bitim imzolangandi.
Shu bilan birga, so‘nggi olti oy ichida O‘zbekiston fuqarolari uchun birorta davlat tomonidan yangi viza rejimi joriy etilmadi yoki chegaralar to‘liq yopilmadi. Biroq qator rivojlangan va iqtisodiy yuqori ko‘rsatkichli AQSH, Kanada, Sharqiy Osiyo va Yevropaning deyarli barcha mamlakatlari O‘zbekiston uchun hamon yopiq va viza tizimi o‘ta injiq davlatlar qatorida qolmoqda. Bundan tashqari, ayrim mamlakatlar xavfsizlik nuqtai nazaridan qo‘shimcha talablarni joriy qildi.
Jumladan, Rossiya Federatsiyasi vizasiz rejimni saqlab qolgan holda, 2026 yil iyun–iyul oylaridan chegaradan o‘tish bo‘yicha pilot loyihani boshladi. Yangi tartibga muvofiq, mamlakatga boruvchilar safardan kamida 72 soat oldin maxsus ro‘yxatdan o‘tib, QR-kod olishi talab etilmoqda. Shuningdek, chegara nazorati va tekshiruvlar ham kuchaytirilgan.
Gruziya esa 2026 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston fuqarolari uchun 365 kunlik vizasiz rejimni saqlab qoldi. Endi mamlakatga kirishda majburiy tibbiy sug‘urta talab qilinadi. Sug‘urtasi bo‘lmagan fuqarolar chegaradan qaytarilishi mumkin.
Shuningdek, joriy yilning 20 may kuni Tailand hukumati ham xorijliklar bilan bog‘liq jinoyatlar soni ortayotgani sabab 90 dan ortiq davlat fuqarolari uchun amal qilgan vizasiz muddatni qisqartirgandi. Yangi tartiblarga ko‘ra, avval 93 davlat, jumladan, AQSH, Buyuk Britaniya, Yevropaning Shengen hududi davlatlari hamda Avstraliya fuqarolari uchun amal qilgan 60 kunlik vizasiz rejim bekor qilinadi. Bu ro‘yxat orasida O‘zbekiston ham bor. Endilikda sayyohlar Tailandda vizasiz faqat 30 kungacha qolishi mumkin.
Tashqi ishlar vazirligi hamda yangilangan “O‘zbekiston–2030” strategiyasiga ko‘ra, hukumat 2026 yil yakuniga qadar yana kamida ikki davlat bilan viza talablarini yengillashtirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Maqsad yaqin yillarda o‘zbekistonliklar vizasiz safar qilishi mumkin bo‘lgan davlatlar sonini 50 taga yetkazishdan iborat.
Hozirgi kunda O‘zbekiston fuqarolari dunyoning 35 dan ortiq mamlakatiga vizasiz, 40 dan ortiq davlatga esa elektron viza yoki aeroportning o‘zida rasmiylashtiriladigan viza orqali safar qilishi mumkin.
Live
Barchasi