Doktorantlar stipendiyasi 1,7 barobarga oshiriladi
Jamiyat
−
25 may 6877 3 daqiqa
Endi doktorantlar stipendiyasi 1,7 barobarga oshiriladi va dissertatsiya himoyasidagi ortiqcha qog‘ozbozlikning yarmi bekor qilinadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishishi chog‘ida so‘z bordi.
Ma’lum qilinishicha, taqdimotda yuqori salohiyatli ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilingan.
O‘zbekistonning uzoq muddatli ilmiy-texnologik rivojlanishi uchun ustuvor hisoblangan sun’iy intellekt, qayta tiklanuvchi energiya, oziq-ovqat xavfsizligi, tibbiyot, suv resurslari, yangi materiallar hamda seysmologiya kabi sohalar bo‘yicha ilmiy kadrlar tayyorlashda izlanuvchilarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish taklif qilingan.
Bunda ustuvor yo‘nalishlardagi doktorantlar stipendiyasini 1,7 barobarga oshirish hamda ilmiy tadqiqotlarda zarur bo‘lgan asbob-uskuna va reagentlar xaridi uchun har yili qo‘shimcha mablag‘ ajratib borish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, ilmiy rahbarlar mas’uliyati va ularni rag‘batlantirish mexanizmlarini kuchaytirish taklif qilingan. Endilikda muvaffaqiyatli himoya qilingan dissertatsiyalar bo‘yicha ilmiy rahbarlarning xalqaro ilmiy faollik ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda natijaga yo‘naltirilgan rag‘batlantirish tizimini joriy qilish ko‘zda tutilmoqda.
Yana bir muhim yo‘nalishlardan biri – Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha yangi yondashuvlar taklif etilgan.
Bunda Oliy attestatsiya komissiya faoliyatini Fanlar akademiyasi tizimida tashkil qilish, ilmiy kengashlar mas’uliyatini oshirish hamda ular faoliyatini reyting asosida baholash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, ilmiy daraja berish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish orqali ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish taklif qilingan.
Xususan, hozirgi kunda dissertatsiya himoyasi jarayonida amal qilayotgan tartib-taomillarning 50 foizi raqamlashtirish hisobidan qisqartiriladi.
Mazkur jarayonda ko‘p sonli hujjatlarni chop etish, avtoreferatlarni katta miqdorda tayyorlash hamda dissertatsiyalarni takroran muhokama qilish bilan bog‘liq ortiqcha talablar bekor qilinishi nazarda tutilmoqda. Bu esa izlanuvchilar uchun qulaylik yaratish, vaqt va mablag‘ sarfini kamaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, ilm-fan va iqtisodiyotning real sektori integratsiyasini kuchaytirish maqsadida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini amaliy tadqiqot loyihasi doirasida olishni nazarda tutuvchi “Loyiha doirasida ilmiy daraja” hamda “Amaliy doktorantura” dasturlarini yo‘lga qo‘yish taklif qilingan.
Ushbu yondashuvlar doirasida doktorlik tadqiqotlari ishlab chiqarish va iqtisodiyotning amaliy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi. Bunda ilmiy izlanishlar real sektor korxonalari bilan hamkorlikda amalga oshirilib, ularning natijalarini amaliyotga joriy etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, ilmiy loyihalarni moliyalashtirish va saralash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilgan.
Jarayonga xalqaro ekspertlarni jalb qilish, zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida loyihalarni baholash tizimini joriy qilish hamda ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirishda shaffoflik va samaradorlikni oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga, ilmiy faollikning yuqori o‘sish sur’atlari tadqiqot sifati, akademik halollik va ichki ilmiy nazorat mexanizmlarini yanada kuchaytirishni talab etmoqda.
Shu munosabat bilan olimlarning ilmiy faoliyatini kuzatishning yagona raqamli tizimini joriy etish, ilmiy etika standartlarini takomillashtirish, tadqiqot sifati ustidan ta’sirchan monitoring mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish taklif qilingan.
Xorijda faoliyat yuritayotgan tajribali vatandosh olimlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ham muhokama markazida bo‘lgan.
Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni har tomonlama puxta ishlab chiqish, ilm-fan va ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish hamda ilmiy tadqiqotlar sifatini yanada oshirish muhimligini ta’kidlagan.
Mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berilgan.
Live
Barchasi