1 apreldan o‘qituvchi va shifokorlarning maoshi 100 foizga oshadi. Qirg‘izistonda!
Olam
−
25 dekabr 2025 77574 2 daqiqa
Qirg‘izistonda 2026 yil 1 apreldan boshlab o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarining maoshlari 100 foizga oshiriladi. Bu haqda bugun, 25 dekabr kuni Prezident Sadir Japarov Xalq qurultoyida e’lon qildi.
Japarov o‘qituvchilar va shifokorlarga bo‘lgan hurmat kuchli davlatning poydevori ekanligini aytdi.
“O‘qituvchilar millat kelajagini shakllantiradi, shifokorlar esa odamlarning sog‘lig‘i va hayotini himoya qiladi. Biroq bugungi kunda biz ko‘pincha ularga nisbatan qo‘pollik, hurmatsizlik va hatto ba’zan zo‘ravonlikka duch kelamiz. Bu madaniyatsizlikning eng yuqori darajasi. Biz bu ikki muqaddas kasbni munosib obro‘si va yuqori ijtimoiy mavqeiga qaytarishimiz kerak”, dedi Prezident.
Shu munosabat bilan u o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarining ish haqi 2026 yil 1 apreldan boshlab oshirilishini ta’kidladi.
Japarovga ko‘ra, hozirda o‘qituvchilarning o‘rtacha maoshi 26 ming qirg‘iz somi (taxminan 3,5 mln o‘zbek so‘mi)ni tashkil etadi. 2026 yil 1 apreldan boshlab, oshirilgandan so‘ng, u taxminan 52 ming qirg‘iz somi (taxminan 7 mln so‘m)ni tashkil qiladi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, o‘qituvchilarning maoshlari ularning ta’lim darajasi, o‘qitish tajribasi, malaka toifasi, geografik joylashuvi, o‘qitiladigan fan va haftalik o‘quv yuklamasiga qarab belgilanadi.
Shunday qilib, shahar umumta’lim maktabida o‘qituvchilik tajribasiga ega bo‘lmagan va o‘rta pedagogik ma’lumotga ega bo‘lmagan yosh o‘qituvchining maoshi 1 apreldan boshlab 36 800 som (5 mln so‘m)ni tashkil etadi, soliqlar va ijtimoiy sug‘urta badallari to‘langandan keyin esa ular taxminan 31 200 som (4 mln 200 ming so‘m) oladi.
Shuningdek, shifokorlarning o‘rtacha maoshi hozirda 31 500 somni (4,3 mln so‘m) tashkil etadi va 1 apreldan boshlab u 62 500 somga (8,6 mln so‘m) yetadi, shifokorlar esa soliqlardan so‘ng taxminan 50 000 som (6,9 mln so‘m) miqdorida sof daromad oladi.
Chekka tog‘li hududda 30 yillik tajribaga ega, to‘liq ish kunida ishlaydigan yuqori darajadagi shifokorning maoshi 91 700 som (12,6 mln so‘m)ni, soliqlardan so‘ng esa taxminan 75 700 som (taxminan 10,4 mln so‘m)ni tashkil qiladi.
Bundan tashqari, kelgusi yilning 1 aprelidan boshlab har bir lavozim uchun 5000 som (680 000 so‘m) miqdorida qo‘shimcha prezidentlik kompensatsiyasi joriy etilishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1 yanvardan boshlab Qozog‘istonda shaxsni tasdiqlovchi hujjat (ID-karta)lar birinchi marta berilganda hamda amal qilish muddati tugagach, almashtirilganda bepul berilishi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi