“Dok-1 Maks” voqeasi bo‘yicha 30 dan ortiq shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Jamiyat

Avval xabar berilganidek, shu yilning 13 yanvar kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida O‘zbekistonda 20 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan “Dok-1 Maks” dori vositasini Hindistondan O‘zbekistonga olib kirgan “Quramax Medikal” MCHJning litsenziyasi bekor qilingan edi. 

Kecha, 9 fevral kuni aynan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida mazkur mavzu yuzasidan yana sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu safar javobgar tomon “Quramax Medikal” MCHJ 1-instansiya sudining qaroridan norozi bo‘lib, sudga appellatsiya shikoyatini kiritgan.

QALAMPIR.UZ mazkur sud majlisida qatnashib, bir qator muhim ma’lumotlarni qo‘lga kiritdi.

“Quramax Medikal” MCHJ advokati Erkin Najmiddinovning sudga ma’lum qilishicha, bugungi kunda “Dok-1 Maks” iste’molidan bolalarning o‘limi sabab 30 dan oshiq shaxs ayblanuvchi sifatida tergovga jalb etilgan va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Ular orasida “Quramax Medikal” MCHJning sobiq rahbari Singh Ragvendra Pratar, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mas’ul shaxslari bor.

Sud majlisi davomida raislik qiluvchi sudya Anvar Usmonov tomonidan ma’lumot tariqasida jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2022 yil 28 dekabrdagi ajrimi o‘qib eshittirildi.

Unga ko‘ra, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi mazkur ajrim bilan Hindiston fuqarosi bo‘lgan “Quramax Medikal” MCHJning direktori Singh Ragvendra Pratar qamoqqa olingan.

“Dastlabki tergov jarayonlarida to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, Ragvendra Pratar “Quramax Medikal” MCHJning bosh direktori lavozimida faoliyat yuritib kelib, jamiyat savdo direktori Qambaraliyev Baxtiyor Rustamovich, “Dori vositalari tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” MCHJ direktori Hamdamov va jamiyat sertifikatlashtirish bo‘limi boshlig‘i Xolmurodovlar bilan oldindan til biriktirib, odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan sifatsiz dori vositalarini olish, saqlash va o‘tkazish jinoyatlarini sodir etganlikda ayblanmoqda”, deydi sudya Anvar Usmonov.

Shu tariqa Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudin 2022 yil 28 dekabrdagi ajrimini ish materiallariga qo‘shish uchun sud tomonidan olindi.

“Quramax Medikal” MCHJ yurist-konsuli Zebo Komilovaning ma’lum qilishicha, kompaniya Hindistonning “Marion Biotech” korxonasining 41 turdagi dori vositalarini O‘zbekistonga realizatsiya qilish bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda “Quramax Medikal” MCHJga tegishli bo‘lgan jami 1 mln 550 AQSH долларлик dori vositalari bojxonada ushlab turilibdi.

“Bundan tashqari 50 млрдdan ortiq “Dok-1 Maks”dan boshqa dori vositalari respublika bo‘yicha ko‘plab dorixonalarga sotish uchun tarqatilgan. Ularning qayta yig‘ib olinib, yo‘q qilinishi nafaqat “Quramax Medikal” MCHJga, balki boshqa tadbirkorlarga, dorixona egalariga ham qattiq zarba bo‘ladi”, dedi Zebo Komilova.

Sudlov hay’ati qaror qabul qildi va qarorning xulosa qismi o‘qib eshittirildi.

Unga ko‘ra, javobgar “Quramax Medikal” MCHJning appelatsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etilib, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2023 yil 13 yanvardagi hal qiluv qarori o‘z kuchida qoldirildi.

Sudya qarorga tushuntirish berar ekan, “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ tomonidan “Quramax Medikal” MCHJga berilgan litsenziyaning bekor qilinishi hamda dalolatnoma asosida yaroqsiz bo‘lgan dori vositalarining ro‘yxatdan chiqarilishi va yo‘q qilinishi talabi qo‘yilganini eslatdi. 

Shuningdek, amaldagi Nizom talablariga ko‘ra, litsenziya talablarini bir yil davomida ikki va undan ortiq marotaba buzilishi uning bekor qilinishiga sabab bo‘ladi.

“Shu tufayli “Quramax Medikal” MCHJ tomonidan Hindistondan O‘zbekistonga olib kirilgan “Dok-1 Maks” siropining iste’moli oqibatida o‘lim holatlari yuzaga kelgan. Bu esa litsenziya talablarining qo‘pol buzilishi hisoblanadi. Shuningdek, sudlov hay’ati apellyatsiya shikoyatidagi barcha dori vositalarining muomaladan chiqarilishi va yo‘q qilinishi ko‘rsatilgani holati bilan kelishmaydi. Binobarin, dalolatnomada faqatgina yaroqsiz dori vositalarini yo‘q qilish haqida gap boradi. Vaholangki yaroqsiz dori vositalarini aniqlash tegishli ekspertiza organlarining vakolatida. Ijro jarayonlarida esa “Quramax Medikal” MCHJga tegishli dori vositalarining yaroqli-yaroqsiz ekaniga qarab belgilanadi”, sudya Usmonov.

Eslatib o‘tamiz, “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siropining nojo‘ya ta’siri sababli “o‘tkir buyrak yetishmovchiligi” tashxisi bilan bolalar vafoti bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergovi doirasida bir qator mansabdorlar, xususan, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyum va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori Sardor Kariyev hamda sodir etilgan jinoyatlarga aloqador bo‘lgan uning bir nechta jinoiy sheriklari ish bo‘yicha gumon qilinib ushlangan va ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

“Dok-1 Maks” “Quramax Medikal” Sardor Kariev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing