“Dok-1 Maks” va “Ambronol” laborator sinovlardan noto‘g‘ri o‘tkazilgani aniqlandi
Jamiyat
−
06 yanvar 2023
11052“Dok-1 Maks” va “Ambronol” dori vositalari belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilmagani aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
“Quramax medikal” mas’uliyati cheklangan jamiyati import qilgan ushbu preparatlar “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” tomonidan laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilgan hamda ularga muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilgan.
Dastlabki tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” mas’uliyati cheklangan jamiyati mas’ul xodimlari tomonidan me’yoriy-huquqiy hujjat talablari qo‘pol ravishda buzilgan. Ushbu dori vositalari belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilmagani oqibatida sifatsiz preparatlarning sotuvga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Jinoyat ishi doirasida “Quramax medikal” MCHJning 2 nafar rahbar xodimi hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJning 2 nafar mas’ul xodimi gumonlanuvchi shaxslar sifatida DXX Tergov hibsxonasiga tegishli tartibda joylashtirilgan.
“Quramax medikal” MCHJga tegishli dori vositalarini O‘zbekistonda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgani hamda sog‘liqni saqlash tizimidagi mutasaddi xodimlarning ushbu holat bo‘yicha amalga oshirgan harakatlarini tekshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 2022 yilning 22 dekabrdagi buyrug‘i bilan “Dok-1 Maks” dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan edi.
Shuningdek, Samarqandda “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilish oqibatida 18 nafar bolaning vafot etishi ortidan 7 nafar mas’ul xodim lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi.
28 dekabr kuni Qashqadaryoda “Dok-1 Maks” siropini ichib yana bir bola hayotdan ko‘z yumgani e’lon qilindi.
Shundan so‘ng Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medikal” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirilgandi.
Keyinroq Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasi ushbu dorilarni ishlab chiqarishni to‘xtatgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, mazkur komaniya tomonidan ishlab chiqarilgan barcha turdagi dori vositalarining savdosi ham to‘xtatildi.
2023 yil 2 yanvar kuni Farg‘onada 3 yashar bola “Dok-1 Maks” siropini ichishi oqibatida doridan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan davolanayotgani ma’lum qilindi. Sirdaryo viloyatida ham “Dok-1 Maks” siropidan 7 bemor zaharlangani, ularning 4 nafari sog‘aygani va 3 nafari ayni vaqtda jonlantirish bo‘limida ekani haqida xabar berilgandi.
Avvalroq, “Dok-1 Maks” tarkibida me’yordan 300 baravar ortiq zaharli modda borligi aniqlandi.
Bundan tashqari, Toshkent viloyatida 9 nafar bola “Dok-1 Maks”dan zaharlangani haqida xabar berildi.
LiveBarchasi