“Dok-1 Maks” tarkibida zaharli modda borligi aniqlandi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 19 nafar bola o‘limiga sabab bo‘lgan “Dok-1 Maks” dori vositasi tarkibida me’yordan 300 baravar ortiq zaharli modda borligi aniqlandi. Bu haqda “Mint” nashri xabar berdi.

Elchixona xodimlariga O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (“O‘zfarm”) tomonidan partiyada etilen glikol borligi, bu tibbiy qoidalarda ko‘rsatilgan me’yordan 300 baravar yuqori ekanligi haqida ma’lum qilingan.

Hindiston farmatsevtika eksportini qo‘llab-quvvatlash kengashi (“Pharmexcil”) “Marion Biotech” kompaniyasining marketing ruxsatini to‘xtatgan.

“Pharmexcil” “Marion Biotech” kompaniyasi rahbari va boshqaruvchi direktori Sachin Jaynga yo‘llagan maktubida shunday deydi:
“Vaziyatni nazoratga olish yuklangan “O‘zfarm” agentligi ushbu holatni jiddiy e’tiborga oldi. Elchixona xodimlariga “O‘zfarm” agentligi tomonidan dori vositalari partiyasi tarkibida etilen glikol borligi, tibbiy qoidalarga ko‘ra, ruxsat etilganidan 300 baravar ko‘pligi haqida ma’lum qilindi. Tarkibdagi to‘g‘ri dori propilen glikol bo‘lishi kerak edi”.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 2022 yilning 22 dekabrdagi buyrug‘i bilan  “Dok-1 Maks” dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan edi.

Shuningdek, Samarqandda “Dok-1 Maks” siropini iste’mol qilish oqibatida 18 nafar bolaning vafot etishi ortidan 7 nafar mas’ul xodim lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi.

28 dekabr kuni Qashqadaryoda “Dok-1 Maks” siropini ichib yana bir bola hayotdan ko‘z yumgani e’lon qilindi.

Shundan so‘ng Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medikal” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirilgandi.

Keyinroq Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasi ushbu dorilarni ishlab chiqarishni to‘xtatgani ma’lum qilindi. 

Shuningdek, mazkur komaniya tomonidan ishlab chiqarilgan barcha turdagi dori vositalarining savdosi ham to‘xtatildi.

2023 yil 2 yanvar kuni Farg‘onada 3 yashar bola “Dok-1 Maks” siropini ichishi oqibatida doridan o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan davolanayotgani ma’lum qilindi.

Sohiba Komilovna


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

1

Reyting

2.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing