Dunyo bo‘yicha 4 aprel holatiga ko‘ra, koronavirusga chalingan bemorlar soni 1 099 670 nafarga yetdi. 59 169 ga yaqin odam kasallik sabab olamdan o‘tdi. 228 923 nafar bemor shifo topdi. Bugunga qadar 205 ta mamlakatda koronavirus aniqlandi.
O‘zbekistonda so‘nggi 24 soat ichida koronavirusga chalingan soni 227 nafarga yetdi. 25 bemor butunlay sog‘aygan bo‘lsa, 2 kishi vafot etgan.
Qirg‘izistonda 34 yashar ayol koronavirusdan butkul sog‘aydi. U Botken viloyatidagi shifoxonaga joylashtirilgan edi. Ayni damda mamlakatda infeksiya qayd etilganlar soni 130 nafarni tashkil qilmoqda.
Qozog‘istonda yana 4 nafar odamda infeksiya aniqlandi. Ulardan biri Nur-Sulton shahrida, yana biri Mangistau viloyatida qayd etilgan. Mamlakatda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 464 nafarga yetdi.
Belarusda 7 apreldan koronavirusga oid vaziyatni baholash maqsadida Xalqaro sog‘liqni saqlash tashkilotining maxsus missiyalaridan biri ish olib boradi. Ular mamlakatda bir hafta bo‘lishadi. Ayni damda ular Italiya va Ispaniyada ish olib borayotgani ta’kidlangan. Endi ushbu missiyalar jahonning har bir davlatida bo‘lishi ma’lum qilindi.
AQSHda koronavirus kasalligi oqibatida vafot etganlar soni so‘nggi 24 soat ichida 7 077 nafarga yetdi. 9 500 atrofida bemor tuzalib ketdi. Qo‘shma Shtatlarda umumiy hisobda 273 mingga yaqin odamda virus qayd etilgan.
Dog‘istonda taqiqi bo‘lishiga qaramay, minglab odamlar juma namozini o‘qishga chiqdi. Respublika rahbari Vladimir Vasilevning ta’kidlanishicha, kim bunga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, jinoiy javobgarlikka tortiladi. So‘nggi 24 soat ichida 10 nafar dog‘istonlik virusga chalindi. Kasallanganlarning umumiy soni 25 nafarni tashkil etmoqda.
Jahonning boshqa davlatlarida quyidagi holat: Misrda koronavirusga chalinganlar soni 985 nafarga yetdi. Ukrainada bu raqamlar 1072 nafarni ko‘rsatmoqda. Fransiyada infeksiyadan halok bo‘lgan bemorlar 5000 ga yaqinlashdi. Turkiya hukumati jamoat joyida niqobsiz yurishni taqiqladi.