Dog‘istonda aksilterror operatsiyasi boshlandi
Olam
−
31 mart
8594Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kiruvchi Dog‘iston respublikasidagi Maxachqal’a va Kaspiysk shaharlaridagi turar-joy binolarining bir nechta xonadonlarida qurolli terrorchilarning chiqish yo‘llari yopib qo‘yildi. Bu haqda Rossiya Milliy antiterror qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Dog‘iston xavfsizlik idoralari tezkor-qidiruv tadbirlari davomida terrorchilik faoliyati bilan shug‘ullangan qurolli shaxslarning qayerda ekani haqida ma’lumot olgan. 31 martga o‘tar kechasi Federal xavfsizlik xizmati maxsus agentlari Maxachqal’a va Kaspiysk turar-joylaridagi bir necha xonadonni qurshab olgan. Qo‘shni uylar aholisi evakuatsiya qilingan.
Jangarilar borligi aytilgan hududda terrorga qarshi operatsiya uchun qonuniy rejim joriy qilingan. Kaspiyskdagi binolardan biridagi kvartirada ikki terrorchining binodan chiqishi to‘sib qo‘yilgan.
Shuningdek, 29 mart kuni FXX Stavropol o‘lkasida terakt uyushtirishni rejalashtirgan uch nafar xorijlikni hibsga olgan. Qo‘lga olinganlar ommaviy to‘planadigan joylarda portlatish yo‘li bilan terrorchilik harakatini amalga oshirishni rejalashtirgan markaziy osiyoliklar bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kiruvchi Ingushetiya respublikasidagi Qorabuloq shahrida 2 mart kuni aksilterror operatsiya rejimi e’lon qilingandi. Operatsiya hududi to‘rtta ko‘cha (Rabochaya, Oskanova, Naberejnaya va Jabagiyeva) bilan cheklangan. 3 mart kuni ertalab xavfsizlik kuchlari ISHID xalqaro terrorchilik tashkiloti a’zolari yashiringan ko‘p qavatli uyda tekshiruv tadbirlarini yakunlagani xabar qilingan. U yerda olti nafar jangari topilgan.
LiveBarchasi