DXM binolarini qurishda oqsayotgan viloyatlar “reytingi” ochiqlandi
Jamiyat
−
12 dekabr 2019
6314Davlat xizmatlari markazlari tashkil etildi-yu, olam guliston deb o‘ylasizmi? Yo‘q, albatta. Hududlarda muammolar talaygina. Ayniqsa, Davlat xizmatlari markazlari binolarini qurish bo‘yicha muammolar qalashib yotibdi. Buni Davlat xizmatlari agentligi direktori Halilillo To‘raxo‘jayev ham tasdiqladi.
Bugun, 12 dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat xizmatlari agentligi mas’ullari bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan QALAMPIR.UZ hududlarda Davlat xizmatlari markazi binolarini qurish bo‘yicha mavjud muammolar xususida savol bilan yuzlandi. Agentlik direktori esa bu borada eng orqada qolayotgan hududlar reytingini ochiqladi. Uning qayd etishicha, Andijon viloyati har tarafdan salohiyatli bo‘la turib, viloyatda binolarni qurishga yetarli darajada e’tibor qaratmayapti.
“Bu sohada asosiy muammolar mahalliy byudjetdan kelib chiqib paydo bo‘lmoqda. Binolar qurilishida mablag‘dan oqsayotgan hududlar Sirdaryo, Jizzax va Toshkent viloyatlari hisoblanadi. Biroq markazni tashkil etish ishlarida salohiyati yetarli bo‘la turib, Andijon viloyati bunga talab darajasida e’tibor bermayapti.
“U yerda ham qurilish ishlari boshlandi, lekin bu ishlar kechikmoqda. Biz Prezidentimiz tomonidan ma’lum muddatga qo‘yilgan talablarni bajarishdan tashqari, ikki yildan beri infratuzilma ishlari bilan ham yugurib yuribmiz. Qani edi yuz foiz resursimizni fuqarolarga ko‘rsatiladigan xizmatlar jarayonini soddalashtirishga yo‘naltirsak. Hozircha shu muammo. Ammo infratuzilma yaratmasdan turib bu jarayonni ham to‘liq yo‘lga qo‘yish qiyin. Hech kimga oson emas, aslida”, - dedi agentlik direktori.
Bugungi kunda davlat xizmatlari markazlari har bir tuman, shaharda mavjud va ularning soni 201 taga yetgan. Ularda 120 ga yaqin davlat xizmatlari ko‘rsatilgan.
2017 yilda “Yagona darcha” markazlari orqali 120 mingdan ortiq xizmatlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, Agentlik tashkil etilganidan beri 15 millionga yaqin xizmatlar taqdim etilgan.
Tuman markazlaridan uzoqda yashovchilar uchun joylarda xizmat shoxobchalari ochilmoqda. Bugungi kunda ularning soni 53 taga yetgan. 2019 yil 1 dekabr holatiga ko‘ra, ushbu filiallar tufayli 37 mingga yaqin insonning vaqt va transport xarajatlari tejalgan.
LiveBarchasi