OAVlar endi DXMlarda ro‘yxatdan o‘tkaziladi

Jamiyat

21745c2487d6dde9b8ba06120a4ed74b

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Ommaviy axborot va kommunikatsiyalar sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida" qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari endi Davlat xizmatlari markazlarida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Shuningdek, ommaviy axborot vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti;

matbaa faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti;

noshirlik faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Ma’lum qilinishicha, ommaviy axborot vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun Davlat xizmatlari markaziga yoki my.gov.uz platformasi orqali ariza yuborishi kerak.

So‘rovnomaga OAV (yoki internetdagi veb-sayt) tahririyati yuridik shaxs bo‘lmagan hollarda, tahririyat to‘g‘risidagi nizomning nusxasi hamda muassis agar ikkita bo‘lgan taqdirda ta’sis shartnomasi ilova qilinadi.

Ariza beruvchi uchinchi shaxs bo‘lgan taqdirda, tegishli tartibda berilgan ishonchnomaning elektron nusxasi so‘rovnomaga ilova qilinadi.

Ariza yuborilgandan so‘ng 15 kun mobaynida vakolatli organ QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan OAVni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qiladi yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etadi. 

Ariza beruvchi xabarnoma va OAV davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida qarorni olgan paytdan boshlab 3 ish kuni mobaynida belgilangan miqdorda, davlat bojini to‘laydi.

Davlat boji miqdori quyidagicha:

– davriy bosma nashrlar (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar, almanaxlar va boshqalar) –   bazaviy hisoblash miqdorining 12,5 baravari;

– tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar, axborot agentliklari – bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravari;

– mahsulotlari Internet global tarmog‘i orqali tarqatiladigan OAV (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar, almanaxlar, tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar va boshqalar) – bazaviy hisoblash miqdorining 50 %;

– asosan bolalar, o‘smirlar, nogironlar uchun mo‘ljallangan, shuningdek ta’lim va madaniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi OAV (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar, almanaxlar, tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar va boshqalar) – bazaviy hisoblash miqdorining  2,5  baravari;

– reklama xususiyatiga ega bo‘lgan OAV (reklamaga ixtisoslashgan gazetalar, jurnallar, bukletlar, tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar va boshqalar) –  bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari;

– OAVlarning boshqa turlari (elektron tarzda tarqatiladigan ommaviy axborot vositalari mahsulotlari va boshqalar) –  bazaviy hisoblash miqdori 12,5 baravari.

Ommaviy axborot vositalari qayta ro‘yxatdan o‘tkazilganligi uchun davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda nazarda tutilgan davlat boji summasining 50 %; miqdorida davlat boji undiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

OAV DXM

Baholaganlar

25

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing