DXX vodiyda katta miqdorda Lirika, Tropikamid va Regapen sotayotganlarni qo‘lga oldi

3-sahifa

image

DXX xodimlarining Farg‘ona viloyat IIB va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirlari davomida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi.

Jumladan, Andijon shahrida joylashgan “Vitamin Expert” MCHJ ish yurituvchisi M.M. Farg‘ona shahrida 1 120 dona Lirika va 110 dona Tropikamid dori vositalarini 28 mln 350 ming so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida M.M. mazkur dori preparatlarini Andijon viloyati Paxtaobod tumani Madaniyat qishlog‘ida yashovchi D.A.dan olganligi ma’lum bo‘ldi.

Shundan so‘ng tezkor tadbir Andijon viloyatida davom ettirilib, M.M.dan sotilgan tovar uchun 20 mln so‘m olgan vaqtida D.A. ham ushlandi.

Aniqlanishicha, D.A. ushbu kuchli ta’sir etuvchi dori vositalarini Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod viloyatida yashovchi Shohjahon ismli shaxsdan sotib olib, Paxtaobod tumanidagi aylanma yo‘llar orqali mamlakatimiz hududiga olib kirgan.

Shuningdek, Marg‘ilon shahrida o‘tkazilgan boshqa bir tezkor tadbir davomida Rishton tumanida yashovchi M.S. Farg‘ona-Toshkent yo‘nalishidagi avtoturargox yonida 808 dona Tropikamid dori vositasini 60 mln. 600 ming so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Oltiariq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Yu.S. va X.O.lar Qirg‘izistondan keltirilgan 5600 dona Lirika dori vositasini 100 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan vaqtlarida ushlandi.

Bundan tashqari, Quva tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ham 2240 dona Lirika kapsulasini 3000 AQSH dollariga sotgan vaqtlarida mahalliy fuqarolar Ya.Ya., A.M. va A.S.lar ushlandi.

Ta’kidlash lozimki, bunday kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining asosiy iste’mol bozori sifatida ko‘riladigan Toshkent shahrida DXX, IIV va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlarining hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirlari davomida Namangan viloyatida yashovchi Yu.O., O.O. va J.O. qo‘lga olindi. Ulardan Qirg‘izistondan noqonuniy ravishda olib kelingan 15 ming donadan ziyod Regapen kapsulalari protsessual tarzda rasmiylashtirib olindi. 

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 8960 dona Lirika, 15022 dona Regapen va 918 dona Tropikamid dori vositalari musodara qilindi.

Hozirda mazkur holatlar bo‘yicha Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

DXX Lirika Tropikamid Regapen

Baholaganlar

94

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing