DXX va prokuratura yirik “obnalchilar” guruhini qo‘lga oldi
3-sahifa
−
17 Sentabr 2020
15172Aslida faqat hujjatlardagina faoliyat yuritgan bir nechta firma va yuridik tashkilotlar ayrim tijorat banklari mutasaddilari bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, qariyb 1 trln so‘m mablag‘ni naqdlashtirgan va 30 mln dollarni chet elga chiqarib yuborgan. Ushbu jinoiy guruh DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentining nazariga tushdi.
Ma’lum qilinishicha, soxta tadbirkorlik sub’ektlari orqali 300 mlrd so‘m mablag‘ naqdlashtirilgan hamda 30 mln dollar konvertatsiya qilinib, chet elga chiqarib yuborilgan. Bu ishda tijorat banklari xodimlari ham ishtirok etgan. Bitta operatsiyada 500-600 ming dollar naqdlashtirilgan. Norasmiy rahbar chet elda turib, soxta firmalarni boshqarib kelgan.
Mazkur jinoiy guruh 2019 yilning aprelidan dekabriga qadar 1 trln so‘mga yaqin mablag‘larni naqdlashtirib, 200 mlrd so‘m atrofida soliq va boshqa to‘lovlardan bo‘yin tovlagan. 10 mlrd so‘mga yaqin davlat byudjeti mablag‘larini talon-toroj qilgan. Xabarda aytilishicha, bank rahbariyati ham jinoiy guruhga rahnamolik qilgan. Ammo bu qaysi bank rahbariyati ekani hozircha ma’lum emas.
Aybsizlik prezumpsiyasi nuqtai nazaridan jinoyat ishtirokchilari, yuridik shaxslar nomlari keltirilmagan.
“To‘rtta firmada norasmiy rahbar bo‘lganman. Firmaning faoliyati “kliyent”lardan pul olib, uni naqdlab berish bo‘lgan. Bu – soliq to‘lamaslik uchun qilingan biznes. Bu biznes banksiz bo‘lmaydi. Kuniga 4-5 mlrd, hatto, 36 mlrdgacha pul o‘tkazgan kunlarimiz bo‘lgan. Bizda umuman naqd pul yo‘q. Firmalar bizga pul jo‘natadi, biz esa bu pullarni boshqa joyga jo‘natamiz. O‘rtada kimning puli qaysi ekani, kim qancha olishi kerakligini o‘zlari hal qilib olishadi. Bizning vazifamiz bizga tushgan pulni boshqa joyga jo‘natib yuborish. Har kuni hisob raqamimiz nol bo‘lishi kerak”, deydi firma rahbari.
300 milliardga yaqin mablag‘lar firma rahbarlari nomiga ochilgan plastik kartaga go‘yoki moliyaviy yordam ko‘rinishida tushirilib, keyinchalik ushbu pullar sherik banklarda naqdlashtirilgan.
Hozirda tergov harakatlari yakuniga yetib, jinoyat ishi bo‘yicha tegishli xulosa bilan mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun sudga yuborilgan.