Namanganda ajal og‘usini pullovchi narkotarmoq a’zolari ushlandi

3-sahifa

image

Namangan va Toshkent viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 11,7 kilogramm giyohvandlik vositalari musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, DXX, Ichki ishlar va Bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan ko‘p bosqichli tezkor-qidiruv tadbiri doirasida qo‘shni davlatdan olib kelingan katta miqdordagi giyohvandlik vositalari musodara qilingan.

Jumladan, Namangan shahri hududida harakatlanayotgan Nexia rusumli avtomobil to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan 1978 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan fuqaroga tegishli sellofan paketdan 944 gramm gashish moddasi topilgan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida u mazkur giyohvandlik vositasini Namangan shahrida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan narkosavdogardan 9 900 AQSH dollariga sotib olgani aniqlangan.

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur shaxs ham ushlangan. Undan 9 200 AQSH dollari hamda 18,4 million so‘m pul ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shuningdek, tezkor tadbirning keyingi bosqichida ularga ajal og‘usini yetkazib berib turgan andijonlik, 1987 va 1998 yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxs ketayotgan Lacetti rusumli avtomobildan 9 kilogramm 801 gramm gashish musodara qilingan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda Toshkent viloyatida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda esa muqaddam narkokurerlar tomonidan Bekobod shahrida “zakladka” usulida yashirib ketilgan 977 gramm gashish moddasini qabul qilib olayotgan paytda 1985 yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro ushlangan.

Bildirilishicha, har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida 300 ta “lokatsiya”ga narkotik tarqatayotgan “zakladchik” qo‘lga tushgandi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing