DXX uch advokatni qo‘lga oldi

3-sahifa

image

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Qashqadaryo viloyatida uch nafar advokatni o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, pora berish va firibgarlik jinoyatlarida ayblab, qo‘lga oldi. 

Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qarshi shahrida faoliyat olib boruvchi advokatlik byurosi advokati jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudi tomonidan ikki nafar fuqaroga nisbatan qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasini sud tizimida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali boshqa ehtiyot chorasiga o‘zgartirib berish evaziga 4 000 AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan. 

Navbatdagi holatda Qarshi shahridagi advokatlik byurosi advokati fuqarolik ishlar bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining ish yurituvida bo‘lgan ishni huquqiy yordam so‘rab murojaat qilgan fuqaro foydasiga hal qilib berish yuzasidan u bilan shartnoma tuzib, xizmat haqi evaziga 2 mln so‘m va davlat boji uchun 1,5 mln so‘m olgan. Ammo, advokat mazkur fuqarolik ishini sud tizimida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali hal qilishini aytib, qo‘shimcha 500 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Boshqa holatda esa Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi advokati huquqiy yordam so‘rab murojaat qilgan fuqaro bilan shartnoma tuzmagan holda, Muborak tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi ish yurituvida bo‘lgan bezorilik huquqbuzarligiga oid ishning unga tegishli qismini tergovchi orqali ijobiy hal qilib berishni va’da qilib, muqaddam 2 mln so‘m oladi.  Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda advokat ushbu ishni go‘yoki ijobiy hal qilganini aytib, qo‘shimcha 2 mln so‘m olgan vaqtida ushlangan.

Hozirda mazkur advokatlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi (Pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

DXX

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing