DXX Tojikistondan qariyb 6 kg narkotik olib kirayotgan shaxsni ushladi
3-sahifa
−
22 fevral 2022
6278Surxondaryo, Qashqadaryo, Farg‘ona va Namanganda giyohvand moddalari aylanmasiga qarshi o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda 7 kilogramga yaqin turli xil narkotik va ko‘p miqdorda kuchli ta’sir qiluvchi dori musodara qilindi.
DXXning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Chegara qo‘shinlari hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Uzun tumanida yashovchi, 1991 y.t. fuqaro davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tib, Tojikiston Respublikasidan 5 kg 593 gr. “opiy” moddasini mamlakatga olib kelgan vaqtida qo‘lga olingan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning Uzun tumanida yashovchi, 1986 y.t. jinoiy sherigi hamda ushbu ajal og‘usining buyurtmachilari hisoblangan, Denov tumanida istiqomat qiluvchi, 1985 va 1990 yillarda tug‘ilgan aka-uka ham ushlangan.
DXX Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlarining viloyat IIB bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirida esa Termiz shahrida yashovchi, 1969 y.t. fuqaro va uning 1990 hamda 1992 yillarda tug‘ilgan 2 nafar o‘g‘li o‘zlarining Cobalt rusumli avtomashinasida Toshkent shahri tomon ketayotgan vaqtlarida Chiroqchi tumanidagi “Umakay” YPX maskanida to‘xtatilgan.
Avtomashina ko‘zdan kechirilganda, uning motor qismiga yashirib qo‘yilgan 1 kg “gashish” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
“Umakay” YPX maskanida qayd etilgan yana bir holatda “Termiz-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan Cobalt rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirildi. Natijada, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan 1959 yilda Denov tumanida tug‘ilgan, muqaddam ikki marotaba giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxs yonida 350 gr. “gashish” va 65 gr. “opiy” moddalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Aniqlanishicha, uchinchi shaxslar tomonidan Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tilgan ushbu narkotiklar Toshkent shahrida sotilishi kerak bo‘lgan.
Farg‘ona tumanida yashovchi, 1966 y.t., muqaddam giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan fuqaro 426 gr. “gashish” moddasini Qirg‘iziston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tib, shundan 107 grammini Buvayda tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxsga sotayotgan vaqtida ularning ikkalasi ham qo‘lga olingan.
Shuningdek, uning boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomashina saloniga yashirib qo‘yilgan narkotik moddaning qolgan qismi ham aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Namangan viloyatida kuzatilgan holatda esa Toshkent shahri tomon harakatlanib ketayotgan avtotransport vositasi Pop tumanida joylashgan “Namangan muntazam” YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan.
Natijada, unda 2160 dona flakonda “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi borligi ma’lum bo‘lgan va protsessual tartibda olib qo‘yilgan. Aniqlanishicha, Qirg‘iziston Respublikasidan noqonuniy olib o‘tilgan mazkur dori vositalari Namangan shahrida yashovchi, 1985 y.t. muqaddam sudlangan shaxsga tegishli bo‘lgan.
Hozirda mazkur holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.