DXX Toshkentda narkolaboratoriya va “uchiruvchi” dorilar savdosi tizimini fosh qildi
3-sahifa
−
05 aprel 2022
8632Toshkentda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosiga qarshi o‘tazilgan tezkor tadbirda 10 277 dona shu turdagi dorilar musodara qilindi. Bu haqda DXX Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, poytaxt tomon harakatlangan, Farg‘ona viloyatida yashovchi, 1978 y.t. shaxs boshqaruvidagi Nexia avtomobili Toshkent viloyatining “Chinor” YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Natijada mashinada 1196 dona “Tropikamid”, 5544 dona “Regapen” va 56 dona “Lirika” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlangan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur dori vositalarini qabul qilib olgan vaqtida Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi, 1992 y.t. fuqaro qo‘lga olingan.
Bundan tashqari, Qirg‘iziston Respublikasidan olib kelingan ushbu dori vositalarini Toshkent shahriga berib yuborgan, Namangan viloyatida yashovchi, 1982 y.t. shaxs ham Andijon viloyatida ushlanib, uning Nexia rusumli avtomashinasida bo‘lgan 1002 dona “Tropikamid” dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Boshqa bir tezkor tadbirda esa poytaxtning Yangihayot tumanida harakatlanayotgan, Namangan shahrida yashovchi, 1975 y.t. fuqaro boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Natijada uning yukxonasida bo‘lgan 495 dona “Tropikamid” dori vositalari o‘rnatilgan tartibda olib qo‘yilgan. Shuningdek, ushbu dori vositalarining egasi – Namangan shahrida istiqomat qiluvchi, 1992 y.t. shaxs ham ushlangan.
Uchtepa tumanida yashovchi, 1995 y.t. fuqaro boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomashinadan esa 1680 dona “Regapen” dori vositalari topilib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
DXX xodimlarining shahar IIBB va bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirida esa Namangan viloyatida yashovchi, 1987 y.t. shaxs boshqaruvidagi Nexia-3 rusumli avtomashina Shayxontohur tumani hududida to‘xtatilgan va unda 198 dona “Tropikamid” dori vositalari borligi aniqlangan.
Shuningdek, ularni sotib olmoqchi bo‘lgan, Shayxontohur tumanida istiqomat qiluvchi, 1965 y.t. shaxsning yashash xonadonidan 50 dona “Tropikamid” va 56 dona “Regapen” dori vositalari olingan.
Yunusobod tumanida qayd etilgan holatda “marixuana” giyohvandlik vositasi hamda “mefedron” sintetik moddasi tayyorlovchi narkolaboratoriya tashkil qilgan 1991 va 1993 yillarda tug‘ilgan ikki fuqaro qo‘lga olingan. Ta’kidlanishicha, ular narkotik moddalarni Telegram messenjeridagi maxsus guruhlar orqali sotish bilan shug‘ullanishgan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.