DXX raisi kubogiga qur’a tashlandi. Musobaqa o‘zbek futboliga nima beradi?
Sport
−
13 iyun 2021
8989Kecha, 12 iyun kuni mini-futbol bo‘yicha o‘tkazilayotgan Davlat xavfsizlik xizmati raisi kubogining final bosqichiga qur’a tashlandi. Yakuniy bosqichda Toshkent shahri, viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan umumiy 14 ta jamoa ishtirok etadi.
Qur’a natijasiga ko‘ra, jamoalar quyidagi to‘rt guruhga bo‘lindi:
“A” guruhi: Xorazm, Farg‘ona, Toshkent vil., Qashqadaryo
“B” guruhi: Namangan, Andijon, Jizzax, Samarqand
“C” guruhi: Buxoro, Sirdaryo, Toshkent sh.
“D” guruhi: Surxondaryo, Navoiy, Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Har bir guruhda dastlabki ikkita o‘rinni qo‘lga kiritganlar chorak final bosqichiga yo‘l oladi. Mag‘lub jamoa musobaqani tark etadi.
Tuman, shahar hamda viloyat bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan eng kuchli 14 ta jamoa 12-15 iyun kunlari Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida DXX Raisi kubogi uchun o‘zaro kuch sinashadi. Birinchi o‘rinni egallagan jamoaga ular istiqomat qiladigan tumanda mini-futbol maydoni, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritgan jamoalarga esa ular yashaydigan tumanlarda “Workout” maydonchalari qurib beriladi.
Shuningdek, “Eng yaxshi o‘yinchi”, “Eng yaxshi to‘purar”, “Eng yaxshi darvozabon” va “Eng yaxshi murabbiy” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar ham aniqlanadi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning aprel oyidan boshlab O‘zbekistonning barcha hududlarida mini-futbol bo‘yicha DXXning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar boshqarmalari boshliqlari kubogining saralash bosqichi o‘tkazildi. Unda 18-30 yosh oralig‘idagi yoshlardan iborat 7779 ta jamoa ishtirok etdi.
Musobaqa o‘zbek futboliga nima beradi?
Qayd etilishicha, DXX raisi kubogini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad yoshlar orasida sportni ommalashtirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishdan iboratdir. DXX raisi ayni vaqtda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining ham raisi hisoblanadi
Bundan tashqari, har bir viloyat terma jamoalariga qur’a orqali O‘zbekiston Superligasida faoliyat yurituvchi mutaxassislar maslahatchi murabbiy sifatida biriktirilgan bo‘lib ular musobaqa davomida jamoalar bilan birga bo‘lib, o‘z maslahatlarini beradi. Shu orqali seleksiya ishlari yo‘lga qo‘yiladi. Buning natijasida iqtidorli futbolchilar kashf etilib, Superliga bosh murabbiylari esa, ularni o‘z jamoalariga taklif qilishlari mumkin.
Navoiy jamoasiga maslahatchi bo‘lgan “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev musobaqada o‘zini ko‘rsatgan o‘yinchilar katta futbolga qadam qo‘yishi mumkinligini aytib, shunday dedi:
“Turnir juda yaxshi tashkil etilyapti. Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan bosqichda qatnashdim. Bu musobaqa futbolimizga bo‘lgan e’tiborni ko‘rsatdi. Men Navoiy jamoasiga maslahatchi murabbiy bo‘ldim. Jamoa har tarafdan o‘zini yaxshi ko‘rsatadi deb o‘ylayman. Jamoa murabbiyidan o‘yinchilar holati haqida so‘radim, ularning hammasi o‘yinga tayyor va yaxshi holatda.
Yuqorida seleksiya ishlari haqida ham gapirib o‘tildi. Albatta, qaysidir futbolchi iqtidorini ko‘rsatib, katta futbolga qadam qo‘yishi mumkin”.
Ma’lumot uchun, DXX raisi kubogi bu yil ilk marta tashkil etildi. Tashkilotchilarning aytishicha, musobaqa an’anaviy tarzda har yili o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Humoyun Oripov
LiveBarchasi